Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 sentyabr kuni Seulda bo‘lib o‘tgan birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammitida ishtirok etib, hamkorlikni yana-da rivojlantirishning beshta strategik yo‘nalishini ilgari surdi. Uchrashuv Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon raisligida, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari ishtirokida o‘tkazildi.
Sammit doirasida xavfsizlik, amaliy hamkorlik, iqtisodiyot va gumanitar almashinuvlar sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Mirziyoyev birinchi yo‘nalish sifatida sheriklikning uzoq muddatli istiqbolini shakllantirishni qayd etdi. U «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: ildam rivojlanish sherikligi» konseptual Vizyonini ishlab chiqishni taklif qildi. Hujjatda sunʼiy intellektning rivojlanishi, iqlim va suv xatarlari, shuningdek, taʼlim, infratuzilma, texnologiyalar va inson kapitaliga qo‘yilayotgan yangi talablar bilan bog‘liq o‘zgarishlar inobatga olinishi kerak.
Shuningdek, raqamli kelajak xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha saʼy-harakatlarni birlashtirish, jumladan, kiberxavflarni erta aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini yaratish taklif etildi.
Ikkinchi yo‘nalish savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bilan bog‘liq. Prezident Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya sanoat hamda savdo vazirlarining uchrashuvlari uchun maydon yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Maqsadlardan biri 2030 yilga qadar mintaqa mamlakatlari va Koreya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard AQSH dollariga yetkazishdan iborat bo‘ladi.
O‘zbekiston, shuningdek, mintaqaviy bozor uchun innovatsion-ishlab chiqarish bazasi sifatida «Markaziy Osiyo – Koreya» sanoat-texnologik parkini joylashtirishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, kelasi yili Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Uchinchi mintaqalararo forum doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya hududlari hamda biznesi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish taklif etildi.
Uchinchi yo‘nalish muhim minerallar sohasidagi hamkorlik sifatida belgilandi. Mirziyoyev geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi qayta ishlash klasterlarini shakllantirish uchun muhim minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiya alyansini tashkil etishni taklif qildi.
To‘rtinchi yo‘nalish yashil rivojlanish va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalariga bag‘ishlandi. Bu sohada Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida Iqlim va uglerod hamkorligi formatini ishga tushirish taklif etildi.
Beshinchi yo‘nalish inson kapitalini birgalikda rivojlantirish va yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishni nazarda tutadi. Prezident Markaziy Osiyo aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini taʼkidladi. Shu munosabat bilan «buyurtma – tayyorlash – ishga joylashtirish» tamoyili asosida inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli sheriklikni shakllantirish taklif etildi.
Yoshlarni sunʼiy intellektni ishlab chiqish va joriy etish jarayonlariga jalb qilishga alohida eʼtibor qaratish taklif qilindi. Mirziyoyev ushbu jarayonning asoslaridan biri sifatida Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myonning «Almashtirib bo‘lmaydigan Koreya» doktrinasidan foydalanishni taklif qildi.
Yakunda O‘zbekiston kelasi yili Janubiy Koreya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi va koreys diasporasining Markaziy Osiyoda yashab kelayotganiga 90 yil to‘lishiga bag‘ishlangan tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Sammit yakunida Seul deklaratsiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator boshqa hujjatlar qabul qilindi.