Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Samarqandda o‘z maydonida o‘tkazilayotgan Jahon shaxmat Olimpiadasida ilk bor mag‘lubiyatga uchradi. Musobaqaning sakkizinchi turida mezbonlar Germaniya terma jamoasiga 1,5:2,5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
O‘zbekistonga yagona to‘liq ochkoni Javohir Sindorov keltirdi. Ikkinchi taxtada o‘ynagan shaxmatchi raqibi Mattias Blyubaumning yo‘l qo‘ygan xatolaridan foydalanib, partiyani g‘alaba bilan yakunladi.
Sakkiz turdan so‘ng Sindorov yetti partiyada 5,5 ochko jamg‘ardi. Uning hisobida to‘rtta g‘alaba va uchta durang bor. Shu bilan birga, o‘z yurtidagi Olimpiadada u hozircha mag‘lubiyatga uchramagan. Shaxmatchining tayyorgarligi va xalqaro musobaqalardagi, jumladan, Olimpiadadagi ishtiroklari O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Qolgan partiyalar mezbonlar foydasiga hal bo‘lmadi. Birinchi taxtada Nodirbek Abdusattorov Vinsent Keymer bilan durang o‘ynadi. Uchrashuv davomida nemis shaxmatchisi g‘alaba qozonish imkoniyatiga ega bo‘lgan pozitsiyaga erishdi, biroq Abdusattorov mag‘lubiyatdan qochishga muvaffaq bo‘ldi.
Nodirbek Yoqubboyev Frederik Svane, Shamsiddin Vohidov esa uning akasi Rasmus Svanega yutqazdi.
Vohidov ishtirokidagi partiyada hal qiluvchi holat 16-yurishdagi xato bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘zbekistonlik shaxmatchi ladyani yengil figuraga almashtirib, sifat yo‘qotdi. U 51-yurishga qadar kurashni davom ettirdi, biroq Rasmus Svane moddiy ustunlikni g‘alabaga aylantira oldi.
Germaniyadan uchralgan mag‘lubiyat O‘zbekiston uchun Olimpiadada ham jamoaviy hisobda, ham alohida partiyalarda birinchi bo‘ldi. Sakkizinchi tur oldidan Germaniya terma jamoasi mezbonlardan ikki jamoaviy ochkoga orqada edi, biroq g‘alabadan so‘ng ularning ochkolari tenglashdi. Endi har ikki jamoa 14 ochkodan jamg‘argan.
Germaniya bundan avval ham O‘zbekistonning ikkinchi va uchinchi terma jamoalarini mag‘lub etgan.
Yettita jamoa — Xitoy, Niderlandiya, Ozarbayjon, AQSH, Hindiston, Armaniston va Fransiya 13 ochkodan to‘pladi. O‘zbekistonning ikkinchi tarkibi ham 13 ochkoga ega bo‘lib, o‘ninchi o‘rinni egallab turibdi.
Liderlik uchun kurashda Hindiston va Ozarbayjon 2:2 hisobida durang o‘ynadi, Armaniston va Niderlandiya uchrashuvi ham shu hisobda yakunlandi. AQSH Serbiyani ishonchli tarzda 3,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi. Xitoy Polsha ustidan 2,5:1,5 hisobida g‘alaba qozondi, Fransiya esa Eronni xuddi shu hisobda mag‘lub etdi.
O‘zbekistonning ikkinchi erkaklar terma jamoasi sakkizinchi turda Angliyani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi. Bunga qadar jamoa Ispaniyani mag‘lub etgan va Fransiya bilan durang o‘ynagan, so‘nggi uchrashuvda esa g‘alaba uchun imkoniyatlarga ega bo‘lgan.
Angliyaga qarshi uchrashuvda uchta partiya durang bilan yakunlandi. Jahongir Vohidov Maykl Adams bilan, Abdimalik Abdisalimov Gaveyn Jons bilan, Muhammadzohid Suyarov esa Lyuk Maksheyn bilan ochkolarni bo‘lishib oldi. Jamoaga hal qiluvchi ochkoni Daniel Fernandesni mag‘lub etgan Humoyun Begmuratov keltirdi.
O‘zbekistonning uchinchi erkaklar terma jamoasi Shveysariyaga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Saidakbar Saydaliyev Sebastyan Bognerga, Almas Rahmatullayev esa Li Min Penga yutqazdi. Bahrom Bahrillayev va Muhammadali Abdurahmonov o‘z partiyalarini durang bilan yakunladi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi sakkizinchi turda Niderlandiya ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, oltinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Afruza Hamdamova birinchi taxtada Eline Robersni mag‘lub etdi. Umida Omonova Pen Chjaotsinga yutqazganidan so‘ng Nilufarxon Imomqo‘ziyeva Maxteld van Forest ustidan g‘alaba qozondi. Jamoaga to‘rtinchi ochkoni Guldona Karimovaning Anna-Mayya Kazaryan ustidan qozongan g‘alabasi keltirdi.
Liderlar o‘rtasidagi boshqa natijalarda Hindiston va Qozog‘iston 2:2 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, Xitoy Gruziyani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etdi.
O‘zbekistonning ikkinchi ayollar terma jamoasi Kubaga mag‘lub bo‘ldi. Uchta partiya yakunlangan paytda hisob 0,5:2,5 edi, Madinabonu Xalilovaning uchrashuvi esa hali davom etayotgandi. Nilufar Yoqubbayeva va Asal Salimova o‘z partiyalarida mag‘lub bo‘ldi, Marjona Malikova esa durang o‘ynadi.
O‘zbekistonning uchinchi ayollar terma jamoasi esa Yamayka ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Zilola Aktamova, Maftuna Bobomurodova va Shohina Ahmedova o‘z partiyalarida g‘alaba qozondi, Barchina Shokirjonova esa mag‘lub bo‘ldi.