Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva “BMT-Ayollar” tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Belen Sans Luke bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekistonning mazkur tuzilma bilan hamkorligining joriy holati va istiqbollarini muhokama qildi.
O‘zbekistonda “BMT-Ayollar” ofisining ochilishi gender tengligini taʼminlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam sifatida qayd etildi.
Uchrashuv davomida 2026 yil aprel oyida “BMT-Ayollar”, BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) va YUNISEF ishtirokida ishga tushirilgan qo‘shma dastur doirasidagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi. Dastur xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Ustuvor yo‘nalishlar qatorida xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning raqamli bozorlarda, “yashil” ish o‘rinlari va barqaror sanoat tarmoqlaridagi ishtirokini kengaytirish belgilandi. Shuningdek, “BMT-Ayollar”ning 2028 yilda O‘zbekistonda navbatdagi forumni o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlashi muhim ekani taʼkidlandi.
Tomonlar BMTning Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiyasining 70-sessiyasi doirasidagi hamkorlik, 2026 yil may oyida Buxoroda bo‘lib o‘tgan II Osiyo xotin-qizlar forumi yakunlari hamda uning doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildi.
Markaziy Osiyo davlatlari ayol yetakchilari muloqoti doirasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, «Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» global kun tartibini ilgari surish bo‘yicha mintaqaviy konferensiya o‘tkazish imkoniyati muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonning Gender profilini tayyorlash masalasini ko‘rib chiqdi. Hujjatda gender tengligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalarni aks ettirish muhimligi qayd etildi.