Turizm

O‘zbekiston va Turkiya turizm sohasida hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Turkiya turizm sohasida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Turkiya turizm sohasida hamkorlikni kengaytiradi  / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining turizmni rivojlantirish va gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga qaratayotgan eʼtibori qayd etildi.

Tomonlar tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Xususan, O‘zbekistonda turizmni boshqarish, turistik hududlarni rivojlantirish, mehmonxona infratuzilmasi va raqamli texnologiyalar sohalarida Turkiya tajribasidan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish va B2B formatida ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratildi.

Turistik infratuzilma sohasida tomonlar O‘zbekiston hududlarida turkiyalik investorlar ishtirokida zamonaviy mehmonxona majmualarini qurish, shuningdek, Turkiyaning xalqaro mehmonxona brendlarini jalb etish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, Turkish Airlines va boshqa turkiyalik aviakompaniyalar bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlash, jumladan, ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasi va imkoniyatlarini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Turizm sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish va master-rejalar ishlab chiqish maqsadida Kappadokiya universiteti hamda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi huzuridagi «Turistik infratuzilmani rivojlantirish loyiha ofisi» davlat muassasasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Tashabbus Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonning turistik salohiyatini Turkiya bozorida targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildi.

Turkiya Davlat teleradiokompaniyasi TRT, Turkiya Turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi (TGA) hamda O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, media va press-turlar tashkil etish, raqamli platformalar, blogerlar va ommaviy axborot vositalaridan foydalanish taklif etildi.

Takliflar qatorida Turkiyada saqlanib qolgan «o‘zbek karvonsaroylari»ni O‘zbekistonning turistik va madaniy markazlariga aylantirish orqali mamlakatning turistik salohiyatini targ‘ib qilish tashabbusi ham bor.

Bundan tashqari, turkiyalik auditoriya uchun qo‘shma media loyihalarini amalga oshirish, jumladan, ziyorat turizmi, Imom Buxoriy merosi va Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini ommalashtirish, shuningdek, kino va televizion seriallar orqali targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) bilan turizm va taʼlim sohalarida qo‘shma loyihalar, jumladan, grant mablag‘larini jalb qilish imkoniyati alohida ko‘rib chiqildi.

Tomonlar, shuningdek, 2026 yil 25–27 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — «Ipak yo‘lida turizm» doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni muhokama qildi.

Xususan, yarmarka doirasida “O‘zbekiston–Turkiya” turizm bo‘yicha Qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish, Turkiya turizm sohasi vakillarini milliy stend bilan taklif qilish hamda Turkiyaning «Invest Forum» tadbirida hamkor davlat sifatida ishtirokini taʼminlash taklif etildi.

Qayd etilishicha, ilgari surilgan tashabbuslar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi turistik oqimlarni ko‘paytirish, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, aviaqatnovlarni rivojlantirish, shuningdek, turizm sohasida tajriba va innovatsion yondashuvlar almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.