Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 21 sentyabrdan Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarda Jahon banki mutaxassislari ishtirokida kompleks energoaudit o‘tkazish boshlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruv o‘tkazish uchun o‘tgan isitish mavsumida meʼyoriy talablar buzilgan holda isitilgan uylar tanlab olindi.
Energoaudit doirasida mutaxassislar binolarning texnik va energetik holatini, jumladan, tashqi devorlar, tom va yerto‘lalar, eshik va derazalar, ichki isitish tizimlari, shuningdek, issiqlik energiyasidan foydalanish samaradorligini o‘rganadi.
Xorijiy mutaxassislar, shuningdek, asbob-uskunalar yordamida o‘lchovlar o‘tkazib, har bir uyda issiqlik yo‘qotilishining asosiy omillarini aniqlaydi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha texnik yechimlarni ishlab chiqadi.
Energoaudit yakunlari bo‘yicha Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarni samarali isitish metodologiyasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Uni tayyorlashda binolarning texnik holati va energiya samaradorligi, issiqlik yo‘qotish darajasi hamda boshqa ko‘rsatkichlar inobatga olinadi.
Hokimlik taʼkidlashicha, ishlab chiqiladigan metodologiya ko‘p qavatli uylarning energiya samaradorligini baholash, modernizatsiyaga muhtoj binolarni aniqlash, shuningdek, issiqlik yo‘qotilishini kamaytirish va elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan oqilona foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.