Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda «Yil o‘qituvchisi» tanlovining dastlabki g‘oliblari aniqlandiO‘zbekistonda mamlakatning turli hududlaridan 46 mingdan ortiq pedagog ishtirok etgan «Yil o‘qituvchisi» kasbiy tanlovining dastlabki g‘oliblari aniqlandi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, 208 nafar o‘qituvchi o‘z tuman va shaharlarida birinchi o‘rinni egalladi. Bellashuv davomida pedagoglarning kasbiy ko‘nikmalari baholandi. Bunda taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladigan ilg‘or tajribaga alohida eʼtibor qaratildi.
208 nafar g‘olibning har biri 616 mln so‘m miqdorida pul mukofoti oladi. Ushbu summa 1,4 mingta bazaviy hisoblash miqdoriga teng.
Tanlov O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan birinchi marta o‘tkazilmoqda. Uning maqsadi pedagoglarning kasbiy salohiyatini aniqlash, o‘qituvchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish va taʼlim sifatini oshirishdan iborat.
46 mingdan ortiq ishtirokchining tanlovda qatnashishi pedagoglarning kasbiy bellashuvga katta qiziqish bildirayotgani va o‘z hududlaridagi eng yaxshi natijalarni namoyish etishga intilayotganini ham ko‘rsatadi.