O‘zbekiston

Mirziyoyev O‘zbekistonda islohotlarni davom ettirish uchun birlik zarurligini taʼkidladi

Mirziyoyev O‘zbekistonda islohotlarni davom ettirish uchun birlik zarurligini taʼkidladi
Mirziyoyev O‘zbekistonda islohotlarni davom ettirish uchun birlik zarurligini taʼkidladi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirish uchun birlik, jamiyatda totuvlik va tinchlikni saqlash zarurligini taʼkidladi. Bu haqda davlat rahbari 11 sentyabr kuni Toshkent faollari bilan uchrashuvda maʼlum qildi.

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, global xavf-xatarlar ortib borayotgan sharoitda O‘zbekiston erishilgan natijalarni qadrlashi va o‘zgarishlarni jadallashtirishi kerak. U islohotlarning ahamiyati, avvalo, odamlarning mehnati va yuz berayotgan o‘zgarishlardan qoniqishi orqali namoyon bo‘lishini qayd etdi.

Davlat rahbari Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi o‘zgarishlarni misol qilib keltirib, u yerda amalga oshirilgan loyihalar salmoqli natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatayotganini taʼkidladi.

Mirziyoyev ichki o‘zgarishlarni mamlakat tashqi siyosati bilan ham bog‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlay oladigan do‘stlar va hamkorlarni topishga intilmoqda. Prezident hamkorlikni rivojlantirish uchun ishonchni mustahkamlash va aniq natijaga yo‘nalish olish zarurligini taʼkidladi.

Davlat rahbari taʼlim sohasini rivojlantirish masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Uning maʼlum qilishicha, so‘nggi uch-to‘rt yilda qariyb 2,5 ming nafar yosh turli yo‘nalishlar bo‘yicha xorijda tahsil olish uchun yuborilgan.

Shu bilan birga, prezident Malayziyada o‘qish uchun katta miqdordagi stipendiyani qo‘lga kiritgan, biroq taʼlimni O‘zbekistonda davom ettirishga qaror qilgan talaba qiz haqida gapirdi. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, qiz o‘z qarorini mamlakat ichida yoshlar uchun imkoniyatlar kengaygani bilan izohlagan.

Prezident bu o‘zgarishlarni Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek, yangi oliy taʼlim muassasalarining ochilishi bilan bog‘ladi. U islohotlar boshlangan davrda oliy taʼlim bilan qamrov 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir 44 foizga yetganini, oliy taʼlim muassasalari soni esa 207 taga yetganini qayd etdi.

Mirziyoyev taʼlimni mamlakatni yana-da rivojlantirishning asosiy omillaridan biri deb atab, o‘qituvchilar, bilim va umuman taʼlim tizimining alohida o‘rnini taʼkidladi.

Davlat rahbari, shuningdek, islohotlar surʼatini doimiy ravishda oshirib borish zarurligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun birlik, hamjihatlik va tinchlik zarur.

Prezident iqtisodiy yutuqlari haqida so‘z yuritar ekan, Xitoyni misol qilib keltirdi. Mirziyoyevning fikricha, «Xitoy moʻjizasi» jamiyatning turli qatlamlari umumiy maqsad atrofida birlashgani tufayli yuzaga kelgan.

Mirziyoyev Toshkent mamlakatning boshqa hududlari uchun namuna bo‘lishi kerakligini taʼkidladi.

Yig‘ilish davomida prezident poytaxtning 12 ta tumani hokimlariga 1 oktyabrga qadar yirik savdo majmualari va molllar qurilishi uchun joylar, investorlar hamda moliyalashtirish manbalarini aniqlash vazifasini qo‘ydi.

Bundan tashqari, “Kichkirik” namunasi asosida 400 ta mahallani obodonlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu maqsadlar uchun 10 trillion so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Respublika va shahar mutasaddilari har hafta Toshkent tumanlariga borib, investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Yuqori darajada hal etishni talab qiladigan masalalar shu kunning o‘zida Prezident Administratsiyasiga yuborilishi kerak. Yangi tartib yil oxiriga qadar alohida nazoratda bo‘ladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.