7
O‘zbekiston

O‘zbekistonda bolalar va ayollar ahvoli o‘rganiladi

O‘zbekistonda bolalar va ayollar ahvoli o‘rganiladi
O‘zbekistonda bolalar va ayollar ahvoli o‘rganiladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2027–2028 yillarda bolalar va ayollarning ahvolini baholash maqsadida ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha klaster tadqiqoti (MICS) o‘tkaziladi. Tadqiqotni o‘tkazish tartibi 2026 yil 9 oktyabrdagi 556-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan. Hujjatda, shuningdek, Milliy tarmoqlararo muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibi ham belgilangan.

Tadqiqot Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Milliy statistika qo‘mitasi tadqiqotni o‘tkazish uchun masʼul vakolatli organ etib belgilangan.

Tayyorgarlik bosqichini 2027 yil iyun oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan. Uy xo‘jaliklarini tekshirish 2027 yil noyabr oyiga qadar o‘tkazilishi, maʼlumotlarni to‘plash va tahlil qilish esa 2028 yil mart oyiga qadar yakunlanishi kerak.

Milliy hisobotni tayyorlashni 2028 yil iyun oyiga qadar tugallash nazarda tutilgan. Tadqiqot natijalarini eʼlon qilish esa shu yilning iyul oyiga qadar rejalashtirilgan. Olingan maʼlumotlar asosida tegishli yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni 2028 yil noyabr oyiga qadar ishlab chiqish mo‘ljallangan.

Tadqiqotga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni muvofiqlashtirish, shuningdek, natijalarini tahlil qilish maqsadida Milliy tarmoqlararo muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi. Tadqiqotni tashkil etishga respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, vazirliklar hamda idoralar jalb qilinadi.

So‘rovlar o‘tkazish jarayonida shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va statistik axborotning maxfiyligini taʼminlash choralari ko‘zda tutilgan. Uy xo‘jaliklarini tekshirish jarayoniga har qanday aralashuv qatʼiyan taqiqlanadi.

MICS natijalari mamlakatda bolalar va ayollarning ahvolini baholash, ijtimoiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish hamda tegishli sohalarni yana-da rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash imkonini beradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.