Shoshilinch
O‘zbekiston

Stambulda hushidan ketgan 19 yoshli o‘zbekistonlik Vataniga qaytarildi

Stambulda hushidan ketgan 19 yoshli o‘zbekistonlik Vataniga qaytarildi
Stambulda hushidan ketgan 19 yoshli o‘zbekistonlik Vataniga qaytarildi / Foto: O‘zbekiston TIV.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Stambul aeroportida sog‘lig‘i keskin yomonlashib, hushidan ketgan 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi mamlakatning Stambuldagi Bosh konsulligi va Migratsiya agentligi ko‘magida Vataniga qaytarildi.

A. S. ismli yigit Turkiyaga ishlash maqsadida borgan. Biroq sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli ishini davom ettira olmagan va O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.

U aviachipta sotib olib, Stambul aeroportiga kelganidan so‘ng ahvoli keskin yomonlashib, hushidan ketgan.

Yigit zudlik bilan Istanbulning Bashakshehir tumanidagi Çam ve Sakura shahar shifoxonasiga olib borilgan va u yerda zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Davolanish xarajatlarining bir qismi Turkiyada yashayotgan vatandoshlar tomonidan qoplangan. Ular qiyin vaziyatga tushib qolgan yigitga moliyaviy yordam ko‘rsatgan.

O‘zbekistonning Stambuldagi Bosh konsulligi Migratsiya agentligi bilan birgalikda vaziyatni nazoratga olib, fuqaroni Vataniga qaytarishni tashkil etish uchun zarur choralarni ko‘rgan.

Tegishli tashkilotlar ko‘magida 19 yoshli A. S. O‘zbekistonga qaytarildi.

Bosh konsullik ushbu vaziyatga befarq bo‘lmay, yigitga yordam ko‘rsatgan vatandoshlarga minnatdorlik bildirdi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.