Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xiva shahrida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo komissiyaning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari strategik sheriklikni yana-da rivojlantirish va ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Asosiy eʼtibor oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlamentlararo muloqotning roli, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirishga qaratildi.
Parlamentlararo komissiya 2025 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. Vitebsk shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi yig‘ilishda tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olgan.
Ikkinchi yig‘ilish 2026 yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan va unda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va mintaqalararo hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
Xivadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlardan aniq loyihalarni amalga oshirishga o‘tish va parlamentlararo hamkorlikning amaliy samaradorligini oshirishga urg‘u berildi.
8–9 iyul kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifi doirasida ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Deklaratsiya imzolangan.
Bundan tashqari, tomonlar 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini qabul qilgan.
Yig‘ilish ishtirokchilari mazkur hujjatlar qoidalarini amalga oshirishda parlamentlararo diplomatiyaning ahamiyatini taʼkidladi.
Xususan, parlament qo‘mitalari va hamkorlik guruhlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, qonunchilik tajribasi almashinuvi va ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy bazasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarning alohida qismi savdo-iqtisodiy hamkorlikka bag‘ishlandi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi doirasida tomonlar investitsiyaviy va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish zarurligini qayd etdi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi. Mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar turizm, taʼlim, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi. Qo‘shma biznes-forumlar sonini ko‘paytirish va yangi loyihalarni ishga tushirish masalalari ham muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida Parlamentlararo komissiyaning muntazam faoliyatini davom ettirish hamda undan O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik doirasida yangi amaliy loyihalarni rivojlantirish mexanizmi sifatida foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi.