Shoshilinch
O‘zbekiston

Chirchiqda bank xodimi 1,3 mlrd so‘mni o‘zlashtirishda gumonlanmoqda

Chirchiqda bank xodimi 1,3 mlrd so‘mni o‘zlashtirishda gumonlanmoqda
Chirchiqda bank xodimi 1,3 mlrd so‘mni o‘zlashtirishda gumonlanmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Chirchiq shahrida tijorat bankining bank xizmatlari ko‘rsatish markazi rahbari 13 nafar fuqaro omonat sifatida kiritgan 1,3 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Departament xabar berdi.

Departamentning Chirchiq shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, bank xodimi fuqarolardan qabul qilib olgan pul mablag‘larini moliya muassasasi kassasiga kirim qilmagan.

Shu bilan birga, u depozit hisobvaraqlariga mablag‘lar go‘yoki kirim qilingani haqida yolg‘on maʼlumotlarni kiritgan. Tekshiruv materiallariga ko‘ra, xodim qo‘lga kiritgan mablag‘laridan shaxsiy maqsadlarda foydalangan.

Natijada bank xodimi harakatlari oqibatida 1,3 mlrd so‘m o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.