Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Er-Riyoddagi elchixonasi Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yoki ushbu mamlakatga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga murojaat qilib, mintaqadagi keskinlik fonida aviaqatnovlarda o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Xabarda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, Yamandagi mojaro keskinlashuvi fonida husiylar Er-Riyoddagi Qirol Xolid nomidagi xalqaro aeroport va Abha aeroportiga raketa zarbalari bergan. Saudiya Arabistoni rasmiylarining maʼlumotlariga ko‘ra, hujumlar oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, yana 36 kishi jarohat olgan.
Bunga javoban Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Yaman hududidagi husiylarga tegishli 82 ta obyektga, jumladan, raketalar saqlanadigan 11 ta tog‘ omboriga zarbalar bergan.
Elchixonada taʼkidlanishicha, mintaqadagi keskin vaziyat aviareyslar jadvali, parvoz yo‘nalishlari va tranzit shartlariga taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Yo‘lovchilarga xorijiy safarlarni rejalashtirishda ehtimoliy o‘zgarishlarni hisobga olish tavsiya etildi. Havo qatnovi tartibidagi o‘zgarishlar reyslar kechikishiga, majburiy ravishda boshqa reyslarga o‘tkazilishga va safar davomiyligining uzayishiga olib kelishi mumkin.
Shu bilan birga, diplomatik vakolatxona maʼlumotlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi ichki vaziyat barqarorligicha qolmoqda. Jamoat xavfsizligiga tahdidlar va maxsus cheklov choralari qayd etilmagan.
Fuqarolarga tavsiyalar
Elchixona O‘zbekiston fuqarolarini Saudiya Arabistoni va Yaman chegarasiga yaqin hududlarga bormaslikka hamda xavfsizlik masalalari bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlarining ko‘rsatmalariga rioya qilishga chaqirdi.
Shuningdek, harbiy obyektlar va hodisalar oqibatlarini suratga olmaslik, tekshirilmagan maʼlumotlarni tarqatmaslik, rasmiy xabarlarni kuzatib borish va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni yonida olib yurish tavsiya etildi.
Zarur hollarda fuqarolar O‘zbekistonning Er-Riyoddagi elchixonasiga +966 11 263 52 23 telefoni orqali murojaat qilishlari mumkin. Shuningdek, konsul Shuhrat Ibragimov bilan Telegram va WhatsApp orqali +966 56 721 77 31 raqamida bog‘lanish mumkin.
O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulligi murojaatlarni +966 12 607 72 50 telefoni orqali qabul qiladi.
Konsul Azimjon Qobiljonov bilan Telegram va WhatsApp orqali +966 59 439 08 50 raqamida bog‘lanish mumkin.