Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Avstriya naslchilik chorvachiligi, veterinariya va hayvonlardan olinadigan mahsulotlar savdosi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish niyatida.
Ushbu masalalarni O‘zbekiston Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek O‘runov Avstriya qishloq xo‘jaligi klasteri (AAC) bosh direktori German Vizer va Avstriya elchixonasining savdo maslahatchisi Rudolf Lukavski bilan muhokama qildi. Bu haqda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi xabar berdi.
Tomonlar nasldor qoramol savdosini kengaytirish, hayvonlardan olinadigan mahsulotlar eksportini tashkil etish va veterinariya sohasida tajriba almashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Naslchilik chorvachiligi va genetika sohalarida Avstriya tajribasini qo‘llashga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, nasldor chorva mollaridan embrionlar olish va ularni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik veterinariya mutaxassislarining Avstriyada malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda avstriyalik ekspertlar ishtirokida amaliy seminarlar va treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Qo‘mita maʼlumotlariga ko‘ra, 2026 yil oktyabr holatiga O‘zbekiston Avstriyadan simmental zotli 1 500 bosh nasldor qoramol, 714 tonna veterinariya preparatlari va ozuqa qo‘shimchalari, shuningdek, 4,7 tonna sut mahsulotlarini import qilgan.
Shu davrda O‘zbekistondan Avstriyaga hayvonlardan olinadigan mahsulotlar eksporti 34,5 tonnani tashkil etgan.