Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonda bozor xizmatlari hajmi 908,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizga ko‘pdir.
2026 yil yakuni bo‘yicha xizmatlar bozorining o‘sish surʼatini 114,5 foizga yetkazish maqsad qilib belgilangan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qildi.
Eng yuqori o‘sish moliyaviy xizmatlarda qayd etildi — 22,5 foiz. Ikkinchi o‘rinni aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 21,2 foizlik o‘sish bilan egalladi. Taʼlim xizmatlari esa 19,4 foizga o‘sib, uchinchi o‘rinni qayd etdi.
Hududlar orasida eng yuqori o‘sish surʼati Navoiy viloyatida kuzatildi — 118,5 foiz. Keyingi o‘rinlarda Toshkent shahri — 118,4 foiz va Sirdaryo viloyati — 117,7 foiz qayd etildi. Xorazm, Surxondaryo, Jizzax va Andijon viloyatlarida o‘sish ko‘rsatkichi 117,6 foizni tashkil etdi.
Vazirlik hududlarda servis infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berdi. Hozirga qadar markaziy ko‘chalarda 1,7 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti ishga tushirilgan. 2026 yil oxiriga qadar yana 1 431 ta obyektni ochish rejalashtirilgan.
«Yangi O‘zbekiston» massivlarida va xalqaro avtomobil yo‘llari bo‘ylab 828 ta servis obyekti faoliyat boshladi. Yil oxiriga qadar ushbu hududlarda yana 245 ta obyektni ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 300 ta yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarilgan.
Prezidentning 2026 yil 5 fevraldagi PQ-49-son qaroriga muvofiq, respublika byudjetidan qo‘shimcha ravishda 1,65 trillion so‘m ajratildi.
Mablag‘lar gavjum ko‘chalar, suv bo‘yi va yo‘l bo‘yidagi hududlar, shuningdek, turistik salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirildi.
Xizmat ko‘rsatish sohasida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 358 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 33,8 gektar yer maydonini auksion savdolariga chiqarish rejalashtirilgan.
Loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan, qurilish-montaj ishlari esa davom etmoqda.
Loyihalar amalga oshirilishi natijasida 5 265 ta yangi tadbirkorlik subyektini tashkil etish va yana 2 502 ta faoliyat yuritayotgan korxona ishini kengaytirish kutilmoqda. Shuningdek, 20 427 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Ushbu ishlar «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi doirasida olib borilmoqda.