7
Iqtisod

Toshkentda avtobuslar uchun 17,9 km maxsus yo‘laklar tashkil etiladi

Toshkentda avtobuslar uchun 17,9 km maxsus yo‘laklar tashkil etiladi
Toshkentda avtobuslar uchun 17,9 km maxsus yo‘laklar tashkil etiladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida jami 17,9 km uzunlikdagi to‘rtta ko‘chada jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Loyiha yo‘l qoplamasini taʼmirlash ishlarini ham o‘z ichiga oladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ishlarning bir qismi Yashnobod va Chilonzor tumanlari hududidan o‘tuvchi, uzunligi 4,6 km bo‘lgan Muqimiy ko‘chasida, shuningdek, Shayxontohur tumanidagi Qorato‘sh va Ko‘kcha Darvoza ko‘chalarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent ko‘chasining 2,8 km uzunlikdagi qismida va Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasining 6,3 km qismida ham alohida avtobus yo‘laklari tashkil etiladi.

Loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi qaror poytaxt hokimi tomonidan imzolangan. Avvalroq mutaxassislar jamoat transporti yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlanadigan 150 kmdan ortiq yo‘lni o‘rganib chiqqan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, birinchi navbatda qariyb 18 km yo‘lda ishlarni amalga oshirish tavsiya etilgan.

Hozirda loyiha hujjatlarini tayyorlash uchun byudjet shakllantirilmoqda. Ushbu ishlarning dastlabki qiymati taxminan 6,5 mlrd so‘mga baholanmoqda. Moliyalashtirish Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Buyurtmachi sifatida «Toshkent invest kompaniyasi» ko‘rib chiqilmoqda. Loyihalash tashkilotlari va pudratchilar tanlovlar natijalariga ko‘ra belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Qurilish ishlari boshlanishidan oldin mutaxassislar muhandislik kommunikatsiyalari va kommunal tarmoqlarni tekshiradi. Loyiha hujjatlarida piyodalar uchun xavfsiz yo‘nalishlar, bekat majmualari, yo‘l ko‘rsatkichlari va yoritish tizimlari ham nazarda tutilishi kerak.

Yo‘l qoplamasini yotqizishda polimer modifikatsiyalangan bitum va tog‘ jinslaridan olingan mustahkam chaqiqtoshdan tayyorlanadigan chaqiqtosh-mastik asfaltobetondan (CHMA) foydalanish rejalashtirilgan.

Hokimlikda tushuntirilishicha, alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish avtobuslarning harakat tezligini oshirish va yo‘lovchilar uchun safarlarni yana-da qulay qilishga xizmat qiladi.

Jamoat transportini rivojlantirish zarurati, jumladan, poytaxtda avtomobillar soni ortib borayotgani bilan bog‘liq. Toshkent shahridagi avtomobillar parki har yili taxminan 30 mingta mashinaga ko‘paymoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.