Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda tashqi reklamani joylashtirish qoidalari o‘zgartirilib, tadbirkorlar uchun talablar soddalashtirildi. Tegishli o‘zgartirishlar 2026 yil 13 oktyabrdagi 563-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorida nazarda tutilgan.
Asosiy yangiliklardan biri peshlavhalarga taalluqli. Tadbirkor tomonidan o‘zi foydalanayotgan bino yoki inshootning tashqi qismiga yoxud kirish joyiga joylashtirilgan kompaniya nomi, tovar belgisi va faoliyat turi ko‘rsatilgan axborot endi tashqi reklama hisoblanmaydi. Bunday peshlavhalar uchun tashqi reklama pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Hujjatda reklama reklama obyektiga eʼtiborni jalb qilish, unga nisbatan qiziqishni shakllantirish yoki saqlab qolish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita foyda olish maqsadida uni bozorda ilgari surishga qaratilgan maxsus axborot sifatida taʼriflangan.
Yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarida reklama joylashtirish tartibi ham soddalashtirildi. Endi kompaniyalar o‘z tovar belgilari, faoliyati, mahsulotlari va xizmatlarini reklama qilish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali elektron xabarnoma yuborishlari mumkin.
Qarorda vaqtinchalik reklamani joylashtirish muddatlari ham belgilangan. Qurilish obyektlarida bunday reklamani qurilish ishlari tugallanguniga qadar joylashtirishga ruxsat beriladi. Bayramlar va tadbirlarga bag‘ishlangan materiallar esa reklama konstruksiyalarida ko‘pi bilan 30 kun davomida turishi mumkin.
Dizayn-kodga kiritiladigan o‘zgartishlar
Yangi tartib dizayn-kodga kiritiladigan o‘zgartishlarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishni nazarda tutadi. Ushbu o‘zgartishlar rasmiy eʼlon qilinganidan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Toshkent shahrining dizayn-kodini tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida 10 dekabrga qadar muhokama qilish rejalashtirilgan.
Reklama konstruksiyalarini demontaj qilish bo‘yicha yangi talablar
Tashqi reklama konstruksiyalarini majburiy demontaj qilish qoidalari aniqlashtirildi. Ishlarni amalga oshirish sanasi va vaqti kamida ikki kun oldin eʼlon qilinishi, konstruksiya egasi esa bo‘lajak demontaj haqida yozma ravishda xabardor qilinishi kerak.
Demontaj ishlarini faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha o‘tkazishga ruxsat beriladi. Ishlar yakunlangach, reklama egasi ishtirokida tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Bundan tashqari, tashqi reklamani joylashtirish ustidan jamoatchilik nazorati «Xalq nazorati» elektron portali orqali amalga oshiriladi.