Shoshilinch
Iqtisod

O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ini raqamli yorliqlash 2027 yildan joriy etilishi mumkin

O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ini raqamli yorliqlash 2027 yildan joriy etilishi mumkin
O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ini raqamli yorliqlash 2027 yildan joriy etilishi mumkin / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2027 yil 1 iyuldan o‘simlik yog‘ini majburiy raqamli yorliqlashni joriy etish rejalashtirilmoqda. Soliq qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Muhokama 24 oktyabrga qadar davom etadi.

Hujjatga ko‘ra, yorliqlash o‘simlik yog‘ining noqonuniy olib kirilishi, ishlab chiqarilishi va sotilishining oldini olish, shuningdek, mahsulot harakatini muomalaning barcha bosqichlarida raqamli kuzatish imkonini yaratishga xizmat qilishi kerak.

Yorliqlash uchun shtrix-kodli stikerlardan foydalanish taklif etilmoqda. Ular mahsulotning ichki yoki tashqi isteʼmol qadog‘iga yopishtiriladi.

O‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchilari, importchilari, shuningdek, ulgurji va chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar Asl belgisi milliy tovarlarni yorliqlash va kuzatish tizimiga ulanishi shart bo‘ladi.

Tizim operatori — CRPT Turon kompaniyasi. Ushbu tizim orqali yorliqlangan tovarlarni muomalaga kiritish, ularning keyingi harakati va muomaladan chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Majburiy yorliqlanish belgilangan o‘simlik yog‘ini tegishli kodsiz sotish savdo qoidalarining buzilishi hisoblanadi. Bunday holat uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik nazarda tutilgan.

Qaror qabul qilingan taqdirda, CRPT Turon kompaniyasi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2027 yil 1 yanvarga qadar tizimda ro‘yxatdan o‘tgan va zarur shartnomalarni tuzgan ishlab chiqaruvchilar hamda importchilarni buyurtmalarni masofadan boshqarish imkoniyatiga ega stansiyalar bilan taʼminlashi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan markirovka kodlarini agregatlash tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu alohida tovarlar yoki quti kodlarini transport qadog‘i uchun yagona kodga birlashtirishni nazarda tutadi.

Avvalroq suv va alkogolsiz ichimliklar uchun ham shunga o‘xshash talabni joriy etish bir yilga kechiktirilgan edi. Dastlab 2026 yil 1 apreldan boshlanishi rejalashtirilgan yorliqlash talabi endi 2027 yil 1 apreldan kuchga kiritilishi kutilmoqda.

Yangi talablarga rioya etilishini nazorat qilishni soliq organlariga yuklash taklif etilgan.

O‘zbekistonda tovarlarni raqamli yorliqlash tizimi 2020 yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Dastlab u tamaki va alkogol mahsulotlarini qamrab olgan. Keyinchalik tizim dori vositalari va maishiy texnikaga, undan so‘ng esa alkogolsiz ichimliklar, jumladan, ichimlik suviga ham tatbiq etilgan.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.