Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda Xalqaro qishloq ayollari kuni hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan e’lon qilingan 2026-yil — Xalqaro ayol fermerlar yili (IYWF 2026) munosabati bilan “Ayol fermerlar: ilm-fan, innovatsiyalar va agrooziq-ovqat tizimlari transformatsiyasi” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir ayol fermerlarning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi hissasini e’tirof etish, ularning ilm-fan, innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanishini kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.
Forumda davlat va jamoat tashkilotlari, xalqaro institutlar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari vakillari, xalqaro va mahalliy ekspertlar, olimlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, ayol fermerlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat 150 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Germaniya taraqqiyot banki (KfW), Business & Finance Consulting (BFC) GmbH kompaniyasi, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, “Agrar soha ayollari” uyushmasi va Toshkent davlat agrar universiteti hamkorligida tashkil etildi.
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2026-yilning Xalqaro ayol fermerlar yili deb e’lon qilinishi ayollarning agrooziq-ovqat tizimlaridagi muhim o‘rnini e’tirof etish va ular duch kelayotgan tizimli to‘siqlarga xalqaro e’tiborni kuchaytirishga qaratilgan. FAO ushbu xalqaro yil doirasida ayollarning yer, moliyaviy resurslar, bilim, texnologiyalar va bozorlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini mustahkamlash hamda ularning qishloq xo‘jaligidagi iqtisodiy va ijtimoiy mavqeini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
“Ayol fermerlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq hududlarini rivojlantirish va barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Biroq ularning yer, moliyaviy resurslar, zamonaviy texnologiyalar va bozorlardan foydalanish imkoniyatlari hamon cheklangan. 2026-yil — Xalqaro ayol fermerlar yili ushbu muammolarga e’tiborni kuchaytirish va amaliy yechimlarni ilgari surish uchun muhim imkoniyatdir. FAO ayol fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, innovatsiyalardan foydalanishini kengaytirish hamda agrooziq-ovqat tizimlarida teng ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlashga intiladi”, — dedi Sherzod Umarov, FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari.
Forumning asosiy muhokamalari ayol fermerlarning agrar ilm-fan, agrobiznes va qiymat zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi rolini kuchaytirishga qaratildi.
“Ayollar agrooziq-ovqat tizimlari transformatsiyasining harakatlantiruvchi kuchi sifatida: gender tengligi, innovatsiyalar, iqlim o‘zgarishiga moslashish va barqaror rivojlanish” mavzusidagi yalpi majlisda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, agrar tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi.
Mavzuli sessiyalarda agrar innovatsiyalar, meva-sabzavotchilik sohasida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish imkoniyatlari hamda barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini shakllantirishda ayol fermerlarning ishtiroki muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqotlar natijalarini qishloq xo‘jaligi amaliyotiga tatbiq etish va ishlab chiqaruvchilar bilan ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan takliflar ishlab chiqdi.
“Biz, ayol fermerlar uchun eng muhimi — yetishtirayotgan mahsulotimiz sifatini oshirish, yangi texnologiyalarni o‘rganish va mahsulotlarimizni bozorlarga olib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishdir. Buning uchun bilim, moliyaviy ko‘mak va mutaxassislar bilan hamkorlik zarur. Bunday forumlar boshqa fermerlarning tajribasini o‘rganish, yangi hamkorlar topish va o‘z xo‘jaligimizda qo‘llash mumkin bo‘lgan innovatsion yechimlar bilan tanishish imkonini beradi”, — dedi FAOning “Agrooziq-ovqat tizimlari va qishloq hududlarini rivojlantirishdagi 100 nafar qahramon ayol” ro‘yxatiga kiritilgan o‘zbekistonlik fermer, forum ishtirokchisi Masturaxon Sayfutdinova.
Forum doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada ayol fermerlar tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, agrar innovatsiyalar va startaplar namoyish etildi. Ko‘rgazma ishtirokchilarga o‘z mahsulotlarini taqdim etish, tajriba almashish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilish imkonini berdi.
Shuningdek, tadbir davomida “Yilning eng yaxshi ayol fermeri – 2026” respublika tanlovi g‘olibalarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tanlov orqali ayol fermerlarning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishidagi yutuqlari, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish borasidagi tashabbuslari va qishloq hududlarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi e’tirof etildi.
Forum yakunida ayol fermerlarning agrar ilm-fan va innovatsiyalardagi ishtirokini kengaytirish, iqtisodiy imkoniyatlarini mustahkamlash hamda bilim va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishini yaxshilashga qaratilgan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Deklaratsiyada ayollar agrar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy muassasalar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda barqaror agrooziq-ovqat tizimlarini shakllantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Hujjat ushbu sohalarda milliy va xalqaro hamkorlikni davom ettirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Xalqaro qishloq ayollari kuni va Xalqaro ayol fermerlar yili doirasida o‘tkazilgan forum ayol fermerlarning agrooziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilishdagi ishtirokini kengaytirish, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini mustahkamlash va ilm-fan hamda innovatsiyalar orqali qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.