Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 5 oktyabr kuni BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dunyuy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan kompleks islohotlar va FAO bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Baxtiyor Saidov O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan hamkorligi rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlik izchil rivojlanib, yuqori dinamikani saqlab qolmoqda.
Shuningdek, mamlakatda agrar sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda O‘zbekistonning FAO bilan hamkorligini yangi mazmun bilan yana-da boyitish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.