Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Bolalar farovonligiga investitsiyalar» jahon sammiti doirasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratayotgani taʼkidlandi.
Hozirgi vaqtda kadrlar tayyorlash, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, yuqori texnologiyali tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish bo‘yicha bir qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tibbiy taʼlim
Tibbiy taʼlim sohasidagi hamkorlik izchil kengayib bormoqda. Toshkentda N. I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining filiali tashkil etilmoqda.
Loyiha doirasida taʼlim va klinik bazalar, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibi shakllantirilmoqda. Bundan tashqari, simulyatsiya va akkreditatsiya markazi zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmoqda.
Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari
Tomonlar yuqori texnologiyali tibbiy yordam sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligiga kelishib oldilar. Shuningdek, farmatsevtika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, onkologik va yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash, shuningdek, O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikning yaqin istiqboldagi vazifalari belgilab olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab qo‘yilgan «yo‘l xaritasi» imzolandi.