O‘zbekiston

O‘zbekiston va Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi / Foto: videodan lavha.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqandda «Bolalar farovonligiga investitsiyalar» jahon sammiti doirasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Qirg‘iz Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Damirbek Osmonov bilan uchrashdi. Tomonlar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida tibbiy yordam, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, kadrlar tayyorlash va farmatsevtika sohalarida bir qator qo‘shma tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston ko‘magida Bishkek shahrida 174 o‘ringa mo‘ljallangan, Cho‘y viloyatida esa 66 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonalari qurilgan.

Bundan tashqari, Qirg‘izistonga 20 ta tez tibbiy yordam avtomobili beg‘araz topshirilgan.

Uchrashuvda mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, davolashning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish hamda sohaga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Eldor Adilov ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va buning uchun alohida «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif qildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar tibbiyot kadrlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish, diagnostika va davolashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalarni tatbiq etish sohalarida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.