Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi raisi Piter Li bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va taʼlim sohalari qayd etildi.
Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston Gonkong — Xitoyning maxsus maʼmuriy hududi — yirik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish va investitsiyalarni jalb etishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyor. Bunda tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi imkoniyatlaridan ham foydalanish mumkin.
Prezident Administratsiyasi rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligiga ishonch bildirdi.