Shoshilinch
O‘zbekiston

Narbayeva Xoyl bilan O‘zbekiston va Britaniya aloqalarini kengaytirishni muhokama qildi

Narbayeva Xoyl bilan O‘zbekiston va Britaniya aloqalarini kengaytirishni muhokama qildi
Narbayeva Xoyl bilan O‘zbekiston va Britaniya aloqalarini kengaytirishni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida Buyuk Britaniya parlamenti Quyi palatasi spikeri Lindsi Xoyl bilan uchrashdi. Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va parlamentlararo aloqalarni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Muzokaralar davomida ikki parlamentning sohaviy qo‘mitalari va parlament guruhlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilari parlamentlararo muloqotni izchil rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar.

Lindsi Xoyl O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tomonidan mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda bosh mehmon sifatida ishtirok etganidan mamnunligini bildirdi.

U tadbirning yuqori saviyada tashkil etilganini eʼtirof etib, bunday tashabbuslar ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Muhokamalarning alohida mavzusi taʼlim sohasidagi hamkorlik bo‘ldi. Tomonlar O‘zbekiston yoshlarining ingliz tilini o‘rganish va Buyuk Britaniyada taʼlim olishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini qayd etdilar.

Shu munosabat bilan Britaniya universitetlari va boshqa taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, Tanzila Narbayeva va Lindsi Xoyl savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.