O‘zbekiston

Senat O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi yangi qonunni maʼqulladi

Senat O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi yangi qonunni maʼqulladi
Senat O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risidagi yangi qonunni maʼqulladi / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 20-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni maʼqulladi.

Hujjat yangilangan konstitutsiyaviy normalarni amalga oshirish hamda fuqarolar va yuridik shaxslarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Qonunni qabul qilish zarurati, xususan, murojaatlarni dastlabki ko‘rib chiqishni tartibga solish va Konstitutsiyaviy sud faoliyatida raqamli texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq mavjud bo‘shliqlar bilan izohlanadi.

Asosiy yangiliklardan biri sudning axborot tizimini joriy etish bo‘ladi. U murojaatlarni elektron shaklda yuborish, sud majlislarini onlayn ko‘rish, videokonferensaloqa va mobil ilova orqali ularda ishtirok etish, shuningdek, ochiq majlislarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet translyatsiyalarini ko‘rish imkonini beradi.

Qonunda kelib tushgan murojaatlarni dastlabki ko‘rib chiqish tartibi ham belgilanadi. Ushbu jarayon uchun 15 kun muddat ajratiladi. Konstitutsiyaviy sud vakolatiga kirmaydigan murojaatlar tegishli vakolatli organlarga yuboriladi yoki ularni qabul qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Konstitutsiyaviy sud qarorlarini ijro etish mexanizmi ham alohida belgilanadi. Agar normativ-huquqiy hujjat konstitutsiyaga zid deb topilsa, uni qabul qilgan organ hujjatni uch oy ichida Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishi shart.

Konstitutsiyaga zid deb topilgan normativ-huquqiy hujjatlar asosida qabul qilingan sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tartibi ham nazarda tutilgan.

Konstitutsiyaviy sudning kadrlar tarkibini takomillashtirish va uning faoliyati xolisligini taʼminlash maqsadida Oliy sudyalar kengashi bilan birgalikda Konstitutsiyaviy sud sudyalari lavozimlariga nomzodlar zaxirasini shakllantirish nazarda tutilmoqda.

Senatorlar fikriga ko‘ra, yangi normalar fuqarolar va tadbirkorlarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish, sud tizimining ochiqligini oshirish hamda konstitutsiyaviy odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Konstitutsiyaviy qonun Senat aʼzolari tomonidan maʼqullandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.