Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda investitsiyalarning hajmi bilan birga sifati, tarkibi va iqtisodiyotga beradigan samarasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqinda sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon Andijonda 7 milliard dollar investitsiya va kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rniga aylanishi kerakligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, joriy yilga rejalashtirilgan 3,5 milliard dollar investitsiyaning mamlakatlar va tarmoqlar bo‘yicha tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani qayd etildi.
Axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti va malakali kadrlar mavjud bo‘lsa-da, sohaning texnologik bazasini mustahkamlashga investitsiyalar yetarli yo‘naltirilmayapti.
Davlatimiz rahbari sarmoyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat, zamonaviy texnologiya va barqaror ish o‘rinlari yaratadigan yo‘nalishlarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
Asakada avtomobilsozlik va mashinasozlik bo‘yicha shakllangan 30 yillik tajriba asosida o‘z texnologiyalarini yaratishga o‘tish vazifasi qo‘yildi.
Shu maqsadda “Asaka muhandislik vodiysi”ni tashkil etib, dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari zanjirini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Viloyatda muhandislik, energetika, sanoat va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida 10 ming talaba tahsil olmoqda. Ularning g‘oyalarini tayyor mahsulotga aylantiradigan tadqiqot va ishlanmalar markazlarini rivojlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
To‘qimachilikda ham mavjud quvvatlardan yuqori samara bilan foydalanish imkoniyatlari bor. Yevropadan dizayner, konstruktor va brendlarni jalb qilib, qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish orqali soha eksportini 1,5 milliard dollardan oshirish mumkinligi qayd etildi.
Endi viloyatda investitsiya natijadorligi har bir kvadrat metr maydonda yaratilgan qo‘shilgan qiymat bilan baholanishi belgilandi.
Qoraqalpog‘iston tajribasi asosida qolgan 13 ta hudud uchun ham loyihalar menejeri lavozimlari joriy etilishi belgilandi.
Andijondagi loyihalar menejeri viloyatning yangi investitsiya modelini yaratishga mas’ul bo‘ladi.
Bu jarayonda har bir tumanning sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari sun’iy intellekt yordamida baholanadi. Yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoni bo‘lgan sohalar aniqlanib, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish rejasi ishlab chiqiladi.
Aylanmasi 100 milliard so‘mdan yuqori 104 ta korxona faoliyatini kengaytirish orqali qo‘shimcha 20-30 ming ish o‘rni yaratish bo‘yicha loyihalar tayyorlanadi. Aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan 4 ta korxonada texnologik modernizatsiya hisobiga qo‘shilgan qiymatni 40-50 foizga ko‘paytirish choralari ko‘riladi.
Kelgusi yil Andijonda kamida 10 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish va eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikda yirik komplekslarni ko‘paytirish vazifalari belgilandi.
Ulug‘norda paxtadan ozuqa ekinlariga o‘tkazilgan 5 ming gektar maydon kamida 10 ming bosh qoramol boqish imkonini beradi. Dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish orqali ham chorvachilikni kengaytirish mumkin.
Yil yakunigacha shunday maydonlarning kamida 200 gektarida chorva boqish uchun sharoit yaratish, Ulug‘nor va Bo‘stonda yirik chorvachilik komplekslari loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Baliqchida ishga tushirilgan 20 million dollarlik tovuq go‘shti kompleksi tajribasi asosida Jalaquduqda 4 ta, Xo‘jaobodda 3 ta shunday kompleks loyihasini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Ulug‘nordagi 1 ming 200 gektar maydonda Baliqchi tumani tajribasi asosida baliqchilik klasteri tashkil etiladi.
Jalaquduq, Marhamat, Asaka va Andijon tumanlaridagi adir yerlarini iqtisodiy aylanmaga kiritish bo‘yicha yangi choralar belgilandi.
Alohida “Agrostar” kompaniyasi tashkil etilib, bahorgacha 4-5 ming gektar maydonga suv chiqarish va shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri kabi sanoatlashgan bog‘larni barpo etish boshlanadi. Bog‘lar uch yil parvarishlanib, aholiga tayyor holda taklif qilinadi.
Ushbu maqsadga 30 million dollar, adirlarga suv chiqarish uchun esa 200 milliard so‘m ajratiladi.
Viloyatda yetishtirilayotgan meva-sabzavotning hozircha 16 foizi qayta ishlanayotgani qayd etildi. Kichik uskunalarni aholiga lizingga berish va tuman brendlarini yaratish orqali bu ko‘rsatkichni 30 foizga, eksportni 500 million dollarga yetkazish mumkin.
Meva-sabzavotchilikda “gektardan – maksimal qiymat” tamoyiliga o‘tiladi. Kichik qayta ishlash uskunalarini lizingga berish uchun 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Baliqchida 5 gektarda tashkil etilgan issiqxona loyihasi respublika bo‘ylab ommalashtiriladi. Bunga 300 milliard so‘m, shu jumladan, Andijonga 50 milliard so‘m ajratiladi.
Tashqi bozorda paxtaga talab pasayib, eksportda logistika xarajatlari oshib borayotgan sharoitda fermerlar, klasterlar va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari e’lon qilindi.
Paxtani birjada sotgan fermerga ham, uni sotib olgan klasterga ham har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya beriladi. O‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlar esa gektariga 1,5 million so‘mdan subsidiya oladi.
Mutasaddilarga tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha foizlarning 5 foizdan, milliy valyutadagisining 14 foizdan oshgan qismini uch yil davomida kompensatsiya qilish bo‘yicha hisob-kitoblarni kiritish topshirildi.
Shuningdek, marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini qaytarish masalasi bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Ko‘p ish o‘rni yaratayotgan sanoat korxonalari uchun yangi rag‘batlantirish choralari belgilandi.
Kamida 1 ming nafar ishchisi bo‘lgan korxonalarning xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish hamda ish joyiga olib kelish va olib ketishdagi transport xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Bunday korxonalarda kamida besh yil ishlagan xodimlarga farzandlarining kontrakt to‘lovi qoplab beriladi.
Ish o‘rinlari soni 1 mingga yaqinlashayotgan korxonalar uchun ham alohida grantlar ajratiladi. Ayni yo‘nalishda Andijonning o‘ziga 20 million dollar beriladi.
Mutasaddilarga bir oyda ko‘p ish o‘rni yaratadigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Andijonni Farg‘ona vodiysining muhandislik kadrlari markaziga aylantirish vazifasi qo‘yildi.
Viloyatdagi 12 ta oliygohda 95 ming talaba, 59 ta texnikumda 60 ming yosh tahsil olmoqda. Bu salohiyatni ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash zarurligi ta’kidlandi.
“Ipak yo‘li” sanoat zonasida investor texnikum ochib, o‘quvchilarga ta’lim bilan birga stipendiya va ish berayotgani ijobiy tajriba sifatida qayd etildi.
Oliygoh va texnikumlarning amaliy kafedralarini 46 ta sanoat zonasi va 56 ta yirik korxona hududiga ko‘chirish, yengil konstruksiyali o‘quv xonalarini tashkil etib, yil yakunigacha dual ta’limni kamida 80 foizga yetkazish topshirildi.
Qariyb 7,5 milliard dollarlik yangi loyihalar energetika, gidrotexnika, elektronika, mashinasozlik, axborot texnologiyalari va logistika bo‘yicha muhandislarga talabni oshiradi.
Shu bois, Andijon texnika instituti transformatsiya qilinadi. Xorijlik menejer va professor-o‘qituvchilar jalb qilinib, ta’lim dasturlari va yo‘nalishlari yangilanadi.
Institutda alohida dizaynerlik fakulteti ochilib, dual ta’lim asosida sanoat korxonalariga biriktiriladi. Buning uchun 25 milliard so‘m ajratiladi.
Sanoat o‘sishi bilan energiyaga talab ham ortib borayotgani, viloyatdan o‘tgan daryo va kanallar bu borada katta zaxira ekani ta’kidlandi.
Andijonning gidroenergetika salohiyati 200 megavattni tashkil etadi. Bu yiliga 500 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Hozirning o‘zida umumiy quvvati 44 megavatt bo‘lgan kichik va mikro GESlar qurishga 400 nafar talabgor bor. GES turbinalarini ishlab chiqarish ham viloyatning o‘zida yo‘lga qo‘yilgan.
Ikki yillik dastur asosida mikro GESlarni tayyor holda qurib, tadbirkorlarga lizingga berishni boshlash, qulay moliyaviy mexanizmlarni joriy etish topshirildi. Betonlashtirilishi rejalashtirilgan 81 kilometr kanallarda GESlar kaskadini qurish ko‘zda tutiladi.
Aholi daromadlari bilan birga zamonaviy xizmatlarga talab ham ortib borayotgani qayd etildi.
Andijondagi davlat tashkilotlarini Bobur shahriga ko‘chirish hisobiga bo‘shaydigan bino va maydonlar savdo hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
30 ta ma’muriy binoni ko‘chirish orqali biznes uchun 13 gektar yer va 70 ming kvadrat metr joy bo‘shaydi. Buning hisobiga qo‘shimcha 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish va kamida 20 ming ish o‘rni yaratish imkoniyati bor.
Asaka, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa markazlari va Xonobod shahrini ham yuqori daromadli biznes hududlariga aylantirish vazifasi qo‘yildi. Ularning bosh rejalari savdo va xizmatlarda kamida 20 ming ish o‘rni yaratadigan loyihalarga moslashtiriladi.
Davlat banklarini mijozlar biznesini o‘stirish tamoyili asosida transformatsiya qilish zarurligi ta’kidlandi.
Yil boshidan garov yoki kafil topa olmagan 35 ming kishiga kredit berilmagan. Banklar an’anaviy garov va bir xil standart shartlar bilan cheklanib qolmasligi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endi real pul oqimi, buyurtma va shartnomalar, debitorlik qarzi, tovar aylanmasi hamda biznes zanjiriga asoslangan kompleks moliyaviy mahsulotlar keng joriy qilinadi.
Kichik tadbirkorlarning lider korxona yoki yirik buyurtmachi bilan uzoq muddatli shartnomasi kredit garovi sifatida qabul qilinadi.
500 million so‘mgacha loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi. Kredit garovga emas, pul oqimiga qarab ajratiladi. Eksportbop mahsulot uchun xomashyo sotib olish kreditlarida esa sug‘urta polisining o‘zi garov sifatida yetarli bo‘ladi.
To‘qqizta davlat bankiga bir oyda biznesni o‘stirishga ko‘maklashadigan 20 ta yangi bank mahsulotini taklif etish vazifasi qo‘yildi. Mahalla bankirlari yangi xizmatlarni aholi va tadbirkorlarga tushuntirib boradi.
Soliq idoralari ham tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va ish o‘rinlarini saqlab qolishga ko‘maklashishi zarurligi ta’kidlandi.
Viloyatda ayrim korxonalar aylanmasi va ish o‘rinlari qisqargani, bir qator biznes subyektlari faoliyati tugatilgani qayd etildi. Mahallaga tushgan soliq xodimlari bunday holatlarning sabablarini o‘rganib, yechim topishga faol kirishishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endi daromadi yoki ish o‘rni kamaygan korxonaga mahalla soliqchisi borib, muammoni o‘rganadi. Hokim yordamchisi va mahalla bankiri bilan birga soliq to‘lovini kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘, bozor yoki eksportga ko‘maklashish bo‘yicha tuman shtabiga taklif kiritadi.
Mazkur jarayonda har bir biznesning daromadga kirish davri va xususiyati inobatga olinadi. Yoshlar bandligi mahalla soliqchilari faoliyatini baholash va mehnatiga haq to‘lashda samaradorlik mezoni qilib belgilanadi.
Andijonning transport va logistika imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yirik loyihalar belgilandi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li hisobiga yuk tashish hajmini 10 karra oshirib, yiliga 15 million tonnaga yetkazish imkoni paydo bo‘ladi.
Shu munosabat bilan yil yakunigacha Qo‘rg‘ontepa va Xonoboddagi 300 gektar maydonda 600 million dollarlik logistika kompleksi loyihasini boshlash topshirildi.
Qirg‘iziston bilan “Do‘stlik” postiga nisbatan ikki barobar katta “Keskanyor” chegara postini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgani qayd etildi. Uch oyda uning loyihasini ishlab chiqib, qurilishni boshlash vazifasi qo‘yildi. Bu yuk tashish hajmini 2-3 karra oshirish va muddatini bir haftaga qisqartirishga xizmat qiladi.
Yangi transport oqimiga mos ravishda 78 kilometrli “Xonobod – Andijon” pulli avtomobil yo‘lini loyihalashga kirishiladi.
Shu oydan “Toshkent – Andijon” tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yilib, safar vaqti 6 soatdan 4 soatga qisqardi. Kelgusi yil “Toshkent – Andijon” pulli avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi.
Aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratishda Bobur shahri muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
To‘rt ming gektar qir-adirda barpo etilayotgan shahardagi qulay uylarga 25 ming aholi ko‘chib o‘tdi. Yana 200 ming kishiga mo‘ljallangan 800 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi boshlandi.
Bu yerda savdo komplekslari, biznes markazlari, mehmonxonalar, xususiy ta’lim, tibbiyot va sport obyektlarini barpo etish istagidagi tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanadi.
Bunday obyektlarda investitsiyaning qaytish muddati uzoqligini inobatga olib, yerning boshlang‘ich narxini uy-joy qurilishi uchun ajratiladigan yerlarga nisbatan ikki barobar arzon belgilashga rozilik bildirildi. Yerlarni yangi shartlarda auksionga qo‘yish topshirildi.
Andijon shahridagi Bobur shoh ko‘chasida ko‘prik ishga tushirildi.
Kelgusi yil Milliy tiklanish va Navoiy, O‘zbekiston va Bobur, Amir Temur va “Yangi aylanma yo‘li” ko‘chalari kesishmalarida yana uchta yirik yo‘lo‘tkazgich quriladi. Asaka tumanining markazini aylanib o‘tuvchi ko‘prik ham ishga tushiriladi.
Viloyatda ichimlik suv va kanalizatsiya xizmatlarini yaxshilash ishlari davom ettiriladi.
So‘nggi yillarda bu yo‘nalishga 1,5 trillion so‘m ajratilib, ichimlik suv qamrovi 93 foizga yetdi. Bu poytaxtdan keyingi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Bir million aholining suv ta’minotini yaxshilash uchun kelgusi yildan Xonobod – Andijon magistral quvurining ikkinchi tarmog‘ining qurilishi boshlanadi.
Andijon shahrida kanalizatsiya tarmog‘ining 9 kilometri rekonstruksiya qilinmoqda. Qolgan 15 kilometrini yangilash uchun ham mablag‘ ajratiladi.
Aholi soni o‘sib borayotganini hisobga olib, Oltinko‘ldagi oqova suv tozalash inshootining quvvati ikki barobar oshiriladi.
Mutasaddilarga kelgusi yildan loyihani boshlash topshirildi.
Xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun alohida moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlar yaratiladi.
Andijonda ishlash istagi bo‘lgan 3 ming ayol bola parvarishi bilan band. Farzandlarini bog‘chaga joylashtirish ularning mehnat bozoriga qaytishiga sharoit yaratishi ta’kidlandi.
Viloyatda maktabgacha ta’lim qamrovi 86 foizga yetgan. Tadbirkorlar yana 134 ta oilaviy bog‘cha ochishga tayyorligini bildirgan.
Mas’ullarga o‘n kun ichida ushbu bog‘chalar bo‘yicha tegishli bitimlarni rasmiylashtirish masalasini hal qilish topshirildi.
Umuman, Andijonda ayollarni ish bilan ta’minlash uchun alohida jamg‘arma tashkil etilib, unga 20 million dollar ajratiladi.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash va kiberjinoyatlarning oldini olishda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.
Andijon shahri, Shahrixon va Andijon tumanlari ichki ishlar rahbarlariga raqamlashtirish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi.
Ular ko‘chalardagi kameralar ma’lumotlarini sun’iy intellekt orqali tahlil qilib, bezorilik, o‘g‘rilik va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqadi.
Kiberhujumlardan himoyalanish dasturi ishlab chiqilib, budjet tashkilotlari xodimlari, o‘quvchi va talabalar, pensionerlarning bu boradagi bilimlari oshiriladi.
Yil yakunigacha ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish topshirildi.
Tadbirkorlarning masalalarini sudda ko‘rishni tez va samarali tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.
Ular kredit, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kommunal va soliq qarzdorligiga oid nizolarni ko‘rib chiqish cho‘zilayotganini aytmoqda. Dalillar yetarli bo‘lgan ishlar bo‘yicha jarayonlarni soddalashtirish va muddatlarni qisqartirish mumkinligi qayd etildi.
Oliy sud, Biznes-ombudsman va Adliya vazirligi Andijonda tadbirkorlarning murojaatlarini eshitib, masalalariga yechim topishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Oktabr–noyabr oylarida respublika bo‘ylab tadbirkorlar va davlat tashkilotlari yuristlari uchun nizolarni sudgacha hal qilish, ularni kamaytirish va sud jarayoni bo‘yicha o‘quvlar o‘tkaziladi.
Bir oyda protsessual qonunchilik tahlil qilinib, qaysi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish va muddatlarni qisqartirish mumkinligi yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Davlatimiz rahbari mahallalar obodligi har bir insonning mehnati va daxldorligi bilan yaratilishini ta’kidladi.
Mahalla faollari va nuroniylar ko‘chalarni obod qilish, ariqlarni tozalash, xonadonlar atrofiga daraxt va gullar ekishda bosh-qosh bo‘lishi muhimligi qayd etildi. Bu yoshlarda ham o‘z mahallasi, ko‘chasi va yurtiga mehr hamda mas’uliyatni kuchaytiradi.
Kelgusi yil Andijonda 100 ta mahallaga “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”ni olib kirish rejasini tayyorlash topshirildi.
Mamlakatimiz yetakchisi andijonliklarga xos tashabbuskorlik, mehnatsevarlik va natijaga intilish ushbu maqsadlarga erishishda mustahkam tayanch bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Yig‘ilish yakunida mutasaddilarning axboroti tinglandi, andijonliklar bilan muloqot qilindi.