O‘zbekiston

Qoraqalpog‘istonda bir oy ichida uglerod kreditlari mexanizmi ishga tushiriladi

Qoraqalpog‘istonda bir oy ichida uglerod kreditlari mexanizmi ishga tushiriladi
Qoraqalpog‘istonda bir oy ichida uglerod kreditlari mexanizmi ishga tushiriladi / Foto: Oʻzbekiston Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘istonda bir oy ichida «uglerod kreditlari» mexanizmini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu mexanizm hududga yiliga kamida 50–100 million dollar miqdorida daromad keltirishi mumkin.

Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda maʼlum qildi.

Prezident iqlim o‘zgarishi sharoitida atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari hajmini kamaytirish dolzarb vazifa ekanini taʼkidladi. U hududda ishlab chiqarilayotgan “yashil” energiyani uglerod kreditlariga aylantirishni Qoraqalpog‘iston uchun qo‘shimcha daromad manbai sifatida qayd etdi.

U masʼullarga bir oy ichida nafaqat mamlakat ichida tegishli mexanizmni ishga tushirish, balki uglerod kreditlarini import qiluvchi yirik davlatlar — Yaponiya, Koreya, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan muzokaralar o‘tkazish vazifasini topshirdi.

Mirziyoyev uglerod kreditlari eksportidan tushadigan mablag‘lar hudud infratuzilmasini rivojlantirish uchun allaqachon ajratilayotgan mablag‘larga qo‘shimcha bo‘lishini va ular to‘liq Qoraqalpog‘istonning o‘zida qolishini taʼkidladi.

Prezident, shuningdek, «o‘rmon uglerod kreditlari» yo‘nalishi haqida ham gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yirik xorijiy kompaniyalar ekologik vaziyat murakkab bo‘lgan hududlarda daraxt ekish ishlarini aynan shunday kreditlar tizimi orqali moliyalashtirish bo‘yicha takliflar bildirmoqda.

Shu munosabat bilan u joriy yil yakuniga qadar Orolbo‘yi hududida 50 ming gektar maydonda «o‘rmon uglerod kreditlari» dasturini boshlash vazifasini qo‘ydi.

Mirziyoyev mazkur tashabbuslar Qoraqalpog‘istonda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalarni to‘ldirishini taʼkidladi. So‘nggi yillarda hududda 860 megavattlik yangi energetika quvvatlari ishga tushirilgan. Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida shamol elektr stansiyalarining qurilishi hisobiga “yashil” energiya ulushi hozirda 23 foizga yetgan. 2030 yilga qadar ushbu ko‘rsatkichni 76 foizga yetkazish maqsad qilingan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.