Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yaponiya tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi bilan ikkinchi Strategik muloqotni o‘tkazdi. Tomonlar kengaytirilgan strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilib, tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida 2027–2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda faollashtirish va yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
«Markaziy Osiyo+Yaponiya» formatida mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish, xalqaro maydondagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishga alohida eʼtibor qaratildi.
Strategik muloqot yakunlari bo‘yicha Saidov va Motegi O‘zbekiston hamda Yaponiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027–2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladi.
Hujjat ikki davlat tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida muntazam muloqot va amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan.
Dastur, shuningdek, kengaytirilgan strategik sheriklikni yangi mazmun bilan boyitish hamda yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishni taʼminlashga xizmat qiladi.