Farg‘ona viloyatida korrupsiyada gumonlangan shaxs ushlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida S.A. ismli fuqaro Uchko‘prik tumani hokimi lavozimiga tayinlanishiga yordam berish bahonasida 210 000 dollar olishga urinishda gumon qilinib hibsga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Tezkor maʼlumotlarga ko‘ra, S.A. fuqaro I.D.ning ishonchiga kirib, o‘zini hakamlik sudida sudya yordamchisi sifatida tanishtirgan. U yuqori lavozimdagi tanishlari yordamida I.D.ni 210 ming dollar evaziga Uchko‘prik tumani hokimi lavozimiga tayinlanishini taʼminlab berishini aytgan.
Gumonlanuvchi 100 ming dollar naqd pulni olayotgan vaqtida ushlangan. Tezkor tadbirda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etgan.
S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 25-modda orqali — firibgarlikka suiqasd qilish hamda 211-moddasi 28-modda orqali — pora berishda ishtirok etishni nazarda tutuvchi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur ish fonida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi avgust oyida korrupsiyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan shaxslar reyestri to‘g‘risidagi nizom loyihasini taqdim etgan edi. Unga ko‘ra, reyestrda O‘zbekistonda korrupsiyaviy jinoyatlar uchun sudlangan barcha shaxslar haqida maʼlumotlar jamlanishi kutilmoqda.
Loyihaga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi reyestrga maʼlumotlarni kiritishi va ularni o‘chirishi, shuningdek, so‘rovlarga asosan muayyan shaxs reyestrda mavjud yoki mavjud emasligi haqida maʼlumot taqdim etishi belgilanmoqda.
Maʼlumotlarni sudlanganlik holati tugallangunga yoki olib tashlangunga qadar saqlash rejalashtirilgan.