O‘zbekiston va Turkiya dori vositalari narxlarini muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Turkiya dori vositalari narxlarini tartibga solish mexanizmlarini, jumladan, referent narxlarni shakllantirish va qayta ko‘rib chiqish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv 2026 yil 7 sentyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiyaga xizmat safari doirasida Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi (TİTCK) rahbariyati bilan bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda TİTCK prezidenti Husayn Chelik boshchiligidagi jamoa, O‘zbekiston Tibbiyot va farmatsevtika sohalarini rivojlantirish agentligi va referent narxlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Apellyatsiya kengashi aʼzolari ishtirok etdi.
Kengash tarkibiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining masʼul vakillari kiradi.
Tomonlar ikki davlatda farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha tajriba almashdi. Bunda dori vositalari uchun referent narxlarni shakllantirish va qayta ko‘rib chiqish tartibiga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, referent narxlarni belgilash mexanizmlari, dori vositalari qiymatini qayta ko‘rib chiqish, narx belgilash masalalari bo‘yicha murojaatlar va apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish tartibi hamda Apellyatsiya kengashi faoliyatini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Narx siyosati dori vositalarining mavjudligi va aholining ulardan foydalanish imkoniyatiga taʼsiri masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat vakillari referent narxlarni shakllantirish va qayta ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda O‘zbekiston va Turkiyaning tegishli tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.
Uchrashuv dori vositalari narxlarini tartibga solish sohasida amaliy tajriba almashish va referent narx belgilash tizimini takomillashtirishga bag‘ishlandi.