O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Qozog‘iston O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish qoidalarini o‘zgartiradi

Dilafro'z Niyazova · 03.09.2026 · 11:55 · 41 views
Qozog‘iston O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish qoidalarini o‘zgartiradi
Qozog‘iston O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish qoidalarini o‘zgartiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘istonda 2026 yil 25 avgustdan vizasiz rejimga ega davlatlar fuqarolari uchun elektron kirish ruxsati (ETA) joriy etishga huquqiy asos yaratgan qonunchilikdagi o‘zgartishlar kuchga kirdi.

Yangi qoidalar O‘zbekiston fuqarolariga ham taalluqli, biroq pilot rejim davrida ushbu ruxsatnomani olish hozircha tavsiyaviy xususiyatga ega.

ETA tizimini joriy etish uchun huquqiy asos 24 iyun kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev imzolagan qonun bilan yaratildi. Hujjatga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatga kirishi milliy xavfsizlik organi bilan kelishilgan holda ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan elektron ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.

ETA rasmiylashtirilgani uchun to‘lov undiriladi, uning miqdorini Qozog‘iston hukumati belgilashi kerak. 2 sentyabr holatiga ko‘ra, elektron ruxsatnoma qiymati rasman tasdiqlanmagan.

ETA rasmiylashtirish chet el fuqarolari uchun «yagona darcha» tamoyili asosida ishlaydigan davlat raqamli platformasi — QazETA orqali amalga oshiriladi. Platforma 2026 yil yanvar oyida ishga tushirilgan va hozircha pilot rejimida faoliyat yuritmoqda. ETAdan tashqari, u orqali elektron viza rasmiylashtirish ham mumkin.

Yangi ruxsatnoma Qozog‘istonga vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lgan davlatlar fuqarolari uchun mo‘ljallangan. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida vizasiz rejim amal qilgani sababli ETA talablari O‘zbekiston fuqarolariga ham tatbiq etiladi.

16 yoshga to‘lmagan va 65 yoshdan katta shaxslar, diplomatik va xizmat pasportlari egalari, rasmiy delegatsiyalar aʼzolari, shuningdek, Qozog‘iston vizasi yoki mamlakatda yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan xorijliklar elektron ruxsatnoma olishdan ozod qilinadi.

Qozog‘iston xalqaro aeroportlarining tranzit hududida uch sutkadan ortiq bo‘lmagan vaqt davomida bo‘ladigan tranzit yo‘lovchilaridan ham ETA talab qilinmaydi.

Ruxsatnoma olish uchun arizani QazETA mobil ilovasi orqali safardan kamida 72 soat oldin topshirish kerak. Buning uchun hujjat maʼlumotlari, natijani olish uchun elektron pochta manzili va Qozog‘istonga kirish maqsadini ko‘rsatish talab etiladi. O‘zbekiston fuqarolari ariza topshirishda milliy pasport yoki ID-kartalaridan foydalanishi mumkin.

ETAning amal qilish muddati 180 kunni tashkil etadi. Biroq ruxsatnomaning o‘zi Qozog‘istonda bo‘lish muddatini belgilamaydi: bu muddat amaldagi migratsiya qoidalari asosida belgilanadi. O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz bo‘lish muddati 90 kungacha.

ETA olish davlat chegarasini kesib o‘tishni kafolatlamaydi. Qozog‘iston elchixonalari xabarlariga ko‘ra, xorijlikni mamlakatga kiritish bo‘yicha yakuniy qaror bevosita chegara nazorati vaqtida vakolatli davlat organi tomonidan qabul qilinadi.

Ayni paytda Qozog‘iston vizasiz rejimga ega davlatlar fuqarolari uchun ETA rasmiylashtirishni hali majburiy qilmagan. Pilot loyiha davrida ruxsatnomani oldindan rasmiylashtirish tavsiya etilmoqda. Test jarayoni yakunlanganidan so‘ng hukumat tizimni bosqichma-bosqich majburiy rejimga o‘tkazishni rejalashtirmoqda, biroq pilot davrining aniq tugash sanasi hozircha aytilmagan.

31 iyul kuni Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi «Ochiq NHH» portalida mamlakatga kirish va undan chiqish qoidalarini o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasini eʼlon qildi.

Unga ilova qilingan materiallarga ko‘ra, ETA tizimini bosqichma-bosqich joriy etish 2026 yil avgustidan dekabriga qadar bo‘lgan davrda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.