Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushiriladi.
Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda maʼlum qildi.
Prezident Qoraqalpog‘istondagi 2 ming nafar tadbirkor uch yil davomida 2 trillion 145 milliard so‘mlik kreditlarni o‘z vaqtida qaytarib, banklarning ishonchli mijozlariga aylanganini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «mijozni yetishtirish» modeli asosida yana kamida 30–40 ming kishini ish va daromad bilan taʼminlash imkoniyati mavjud.
Mirziyoyev hudud uchun masʼul bank ishonchli mijozlar uchun 16 foizlik stavkada 300 milliard so‘mlik kredit liniyasi ochayotganini maʼlum qildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi 4 foizni qoplashi hisobiga tadbirkor uchun kredit stavkasi 12 foizga tushadi. Prezident qolgan sakkizta bankka ham bir oy ichida shunga o‘xshash kredit mahsulotlarini ishlab chiqish vazifasini topshirdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, kelasi yili Uchchi va Zarbdor tumanlari tajribasi asosida amalga oshiriladigan “drayver” loyihalar uchun resurslar hajmi ikki baravar oshiriladi. Bu maqsadlarga 100 million dollar yo‘naltirilib, kamida 50 ming kishini daromad bilan taʼminlash vazifasi qo‘yiladi.
Mirziyoyev ikki yil davomida biznes infratuzilmasini rivojlantirish uchun 370 milliard so‘m ajratilganini taʼkidladi. Bu mablag‘lar hisobiga savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 2 200 ta obyekt ishga tushirilib, qariyb 10 mingta ish o‘rni yaratilgan.
Prezident tuman rahbarlariga joriy yilda iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladigan yana ikkitadan loyiha ishlab chiqish, ular orqali 10 ming kishini daromad bilan taʼminlash vazifasini topshirdi. Bu maqsadlar uchun 100 milliard so‘m ajratiladi.