Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — G‘oyani mahsulotga aylantirish, birinchi mijozlarni topish va investorni qiziqtirish — startap asoschisi oldida turgan muhim vazifalardan. 8 oktyabr kuni Andijon viloyatidagi AI Hub — Sunʼiy intellekt markazida o‘tkazilgan «G‘oyadan investitsiyagacha» amaliy vorkshopi yoshlarga shu jarayonni tushunish va o‘z loyihalari ustida ishlash imkonini berdi.
“IT Park”ning Andijon filialida tashkil etgan tadbir startapga qiziquvchi yoshlar, loyiha mualliflari va ilk bosqichdagi startap asoschilariga qaratildi. Dastur g‘oyani shakllantirishdan boshlab, investor uchun taqdimot tayyorlashgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab oldi.
Dastlabki mashg‘ulotlar loyihaning asosini aniqlashga bag‘ishlandi: qanday muammo mavjud, taklif etilayotgan yechim kimga kerak va uning bozordagi imkoniyatlari qanday? Ishtirokchilar Lean Startup yondashuvi va Customer Development uslubi bilan tanishdi: Amaliy topshiriqlar qiymat taklifini shakllantirish, mijoz segmentini aniqlash va kam resurs evaziga g‘oyani sinab ko‘rish imkonini beradigan mahsulotning dastlabki ko‘rinishi — MVPni belgilashga qaratildi.
«Hozir ikkita startapim — ParkOS va Ilimli MVP bosqichida. Ularni sotuvga olib chiqish maqsadida vorkshopga keldim. Bu yerda Lean Startup yondashuvini o‘rgandim va loyihalarimning biznes-modellarini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildim. Olgan bilimlarimni qo‘llashni keyinga qoldirmoqchi emasman — bugunoq ikkala startapimning biznes-modeli ustida ishlashni boshlayman», — dedi vorkshop ishtirokchisi, 15 yoshli dasturchi Oyatbek Abdug‘aniyev.
Investitsiya jalb qilishga bag‘ishlangan blokda venchur jamg‘armalari va biznes-farishtalarning ishlash tamoyillari, shuningdek, investorlar startapni baholashda eʼtibor beradigan mezonlar qamrab olindi. Bular — bozor hajmi, jamoa tajribasi, biznes-model, dastlabki natijalar va moliyaviy ko‘rsatkichlar.
Amaliy topshiriqlar loyiha uchun qancha mablag‘ zarurligi, uning nimalarga sarflanishi va qanday natijaga olib kelishi haqida aniq tasavvur shakllantirishga qaratildi.
«Avval ham kichik startaplarni ishga tushirib ko‘rganman, ammo ular muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Shuning uchun bu vorkshopga startapni rivojlantirish haqida ko‘proq bilim olish maqsadida keldim. Hozir jamoamiz bilan anʼanaviy laboratoriyalarni onlayn formatga o‘tkazishga qaratilgan Smart Lab loyihasi ustida ishlayapmiz. Vorkshopda olgan bilimlarimni shu loyihamizda va kelgusi startaplarimda qo‘llamoqchiman», — dedi vorkshop ishtirokchisi, dasturchi va Smart Lab jamoasi sardori Yahyobek Habibullayev.
Vorkshopning yana bir qismi Pitch Deck — investor uchun taqdimot tayyorlashga bag‘ishlandi. Unda muammo va yechim, qiymat taklifi, mahsulot, bozor, raqobatchilar, biznes-model, jamoa hamda investitsiya so‘rovini qisqa va tushunarli ifodalashga eʼtibor qaratildi.
Yakuniy pitch-sessiyada startap asoschilari o‘z loyihalarini uch daqiqalik taqdimot va ikki daqiqalik savol-javob formati taqdim etdi va tavsiyalar oldi. Bu format ishtirokchilarga loyihasining eng muhim jihatlarini ajratib ko‘rsatish va ekspert tavsiyalari asosida uni takomillashtirish imkonini berdi.
Dastur doirasida istiqbolli loyihalarni “IT Park”ning Andijon filialining inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari, mentorlik imkoniyatlari hamda investitsiyaga tayyorlashning keyingi bosqichlariga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.