Shoshilinch
O‘zbekiston

Mirziyoyev eksport cheklovlari haqida oldindan ogohlantirishni taklif qildi

Mirziyoyev eksport cheklovlari haqida oldindan ogohlantirishni taklif qildi
Mirziyoyev eksport cheklovlari haqida oldindan ogohlantirishni taklif qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDH mamlakatlariga oziq-ovqat mahsulotlari va o‘g‘itlar eksportiga cheklovlar joriy etilishidan oldin xabardor qilish va maslahatlashuvlar o‘tkazish mexanizmni joriy etishni taklif qildi.

Davlat rahbari ushbu tashabbusni 9 oktyabr kuni Turkmanistonning Avaza shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida ilgari surdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bunday mexanizm Hamdo‘stlik mamlakatlari bozorlarida oldindan bashorat qilish imkoniyatini oshiradi. U ehtimoliy xatarlarni oldindan baholash va bir mamlakatning qarorlari boshqa davlatlar bozorlariga kutilmaganda taʼsir ko‘rsatadigan vaziyatlarning oldini olish imkonini beradi.

Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligi iqtisodiyotlar barqarorligi va aholi farovonligiga bevosita daxldor masala ekanini taʼkidladi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini davlat xaridlari sohasida o‘zaro foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risidagi bitimni, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini tez fursatda kelishish va tasdiqlashga umid qilmoqda.

Takliflar savdo-iqtisodiy hamkorlikka bag‘ishlangan nutq qismida bildirildi.

Prezident iqtisodiy integratsiya va ishlab chiqarish kooperatsiyasi barqarorlik hamda taraqqiyotning asosiy omillaridan biri bo‘lib qolayotganini qayd etib, MDH mamlakatlari o‘rtasidagi savdo va investitsiyaviy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga chaqirdi.

Mirziyoyev eng ustuvor vazifalardan biri sifatida erkin savdo hududining cheklovlarsiz to‘laqonli faoliyat yuritishini taʼminlashni ko‘rsatdi.

Buning uchun texnik to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olishni taʼminlash va davlat xaridlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish zarur.

Davlat rahbari dunyo tubdan o‘zgarayotganiga, taranglik kuchayib, odatiy iqtisodiy aloqalar qayta shakllanayotganiga eʼtibor qaratdi.

Uning taʼkidlashicha, bunday sharoitda ishonchni mustahkamlash va erishilgan kelishuvlar amalda aniq natijalar berishiga erishish muhimdir.

Kelasi yili MDHga raislik O‘zbekistonga o‘tadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.