O‘zbekiston

Toshkent viloyatida dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha YXHT yoshlar media-lageri o‘tkazildi

Toshkent viloyatida dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha YXHT yoshlar media-lageri o‘tkazildi
Toshkent viloyatida dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha YXHT yoshlar media-lageri o‘tkazildi / Foto: YXHTning O'zbekistondagi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Parkent tumanida media-lager o‘tkazdi.

Unda mamlakatning yetakchi universitetlarida jurnalistika, kino sanʼati va dizayn yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 30 nafar talaba ishtirok etdi. Asosiy eʼtibor mediasavodxonlik, axborotni tanqidiy qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish va raqamli muhitda dezinformatsiyani aniqlay olish qobiliyatini shakllantirishga qaratildi.

Internet va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rayotgan barcha maʼlumotlar ham ishonchli emas. Texnologiyalar odamlarni yaqinlashtirib, har qanday axborotni bir necha marta bosish orqali olish imkonini yaratadi. Biroq baʼzan raqamli muhit manipulyatsiyalar, ekstremizm va radikallashuv makoniga aylanishi mumkin. Media-lager yoshlarning mediasavodxonligini oshirish bo‘yicha kompleks ishlarning davomi bo‘ldi.

Mazkur tashabbus zamonaviy media muhitini shakllantirishda ishtirok etadigan bo‘lajak jurnalistlar, kinematografistlar va dizaynerlarga feyklarni aniqlash, faktlarni sinchkovlik bilan tekshirish hamda ishonchli va xavfsiz kontent yaratish uchun zarur vositalarni taqdim etadi. Shu tariqa yoshlar terrorizmga olib keluvchi zo‘ravon ekstremizm va radikallashuvning oldini olishda faol ishtirok etadi.

«Terrorizmga qarshi kurashda eng muhim qurolimiz — ishonchli axborot. Zamonaviy medianing vazifasi salbiy stereotiplarni tarqatish emas, balki jamiyatda bag‘rikenglikni rivojlantirishdan iborat.

Jurnalistlarning o‘zi ham murakkab mavzularni professional yoritish uchun doimo yangi bilimlarni egallab borishi, bunda axloqiy meʼyorlar va insonlar xavfsizligini hamisha inobatga olishi zarur», — dedi Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Babadjanova.

Uch kun davomida ishtirokchilar interaktiv mashg‘ulotlarda ishladi, amaliy misollarni tahlil qildi va ekspertlarning mahorat darslarida qatnashdi. Ular raqamli xavfsizlik, kontent tayyorlashda sunʼiy intellektdan foydalanish va muqobil axborot narrativlarini yaratish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, internetdagi kundalik harakatlar raqamli muhitdan tashqaridagi insonlar va butun jamoalar hayotiga qanday taʼsir ko‘rsatishi haqida fikr almashildi.

«Faqat internetdan foydalanishni bilishning o‘zi yetarli emas, balki o‘z harakatlarimiz va ularning boshqa odamlarga taʼsirini tanqidiy baholay olish ham muhim. Roziliksiz boshqa birovning kontentini eʼlon qilish yoki tarqatish haqiqiy zarar yetkazishi mumkinligini tushunish va kiberbullingni qo‘llab-quvvatlamaslik kerak», — dedi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Shamsiddin Talibboyev.

Yosh avlodda tanqidiy fikrlash, sifatli kontent yaratish va internetdagi tahdidlarga qarshi turish ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali bunday loyihalar O‘zbekistondagi axborot muhitini yana-da xavfsiz va ochiq qilishga yordam beradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.