Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Ozarbayjon strategik sheriklikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston va Ozarbayjon strategik sheriklikni mustahkamlamoqda
O‘zbekiston va Ozarbayjon strategik sheriklikni mustahkamlamoqda / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Ozarbayjonning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Rashad Mamedov bilan uchrashdi. Tomonlar parlamentlararo aloqalarning joriy holati va ularni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv davomida ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning may oyida Ozarbayjonga amaliy tashrifi va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning avgust oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga yangi mazmun bag‘ishladi.

Rashad Mamedov iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari turli yo‘nalishlarda izchil rivojlanib, yangi amaliy mazmun bilan boyib borayotganini taʼkidladi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishdagi muhim qadam Ilhom Aliyevning davlat tashrifi doirasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. Hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishga qaratilgan.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Rashad Mamedov so‘nggi yillarda ikki davlat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalar sezilarli darajada faollashganini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muntazam muloqot, tajriba almashinuvi va qo‘shma tashabbuslar ikki tomonlama munosabatlarni yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tomonlar O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yana-da kengaytirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.

Ishtirokchilar yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirishni taʼminlash, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish hamda ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga mos tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda parlamentlarning rolini oshirish muhimligini taʼkidladi.

Uchrashuv ochiq va do‘stona muhitda o‘tdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.