Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan va Korea ICT Entrepreneurs Association O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida startaplarni qo‘llab-quvvatlashning yangi formatlari va texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda IT Park Uzbekistan startaplar ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha direktori Farrux Erkinov va Korea ICT Entrepreneurs Association raisi Li Son Xvan ishtirok etdi. Tomonlar akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini rivojlantirish, texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakatning ICT ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqdi.
Li Son Xvan Chxunchxon-Namdo provinsiyasida o‘zbek startaplari uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturini tashkil etishga tayyorligini bildirdi. Taxmin qilinishicha, ishtirokchilar Koreya bozorini yaxshiroq o‘rganishi, mahalliy ekotizim bilan tanishishi va ehtimoliy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatishi mumkin.
O‘z navbatida, Farrux Erkinov 2027 yildan ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan Land of Startups dasturini taqdim etdi. IT Park Uzbekistan vakili Koreya startaplarini, jumladan, Chxunchxon-Namdo provinsiyasidagi jamoalarni dasturda ishtirok etishga taklif qildi.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari K-ICT tarmog‘iga kiruvchi kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish, o‘zbek va koreys texnologik kompaniyalari o‘rtasida biznes uchrashuvlarini tashkil etish, biznes-missiyalar o‘tkazish va qo‘shma pilot loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Korea ICT Entrepreneurs Association 400 ga yaqin ICT kompaniyasini birlashtiradi hamda texnologik hamkorlik, biznes netvorking, ekspertlik tadbirlari va xalqaro biznes-missiyalarga ixtisoslashgan.
Uchrashuvda KP HUB Company bosh direktori Chun Min Xvan, INTER/KR Namseoul University direktori Sok Xi Li, shuningdek, Seoul Shinmun tahririyati jurnalisti va davlat boshqaruvi sohasidagi PhD Chon Ik Li ham ishtirok etdi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki tomonlama akseleratsiya va inkubatsiya, startaplarni bozorlarga olib chiqish hamda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida texnologik hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.