Shoshilinch
Iqtisod

Farg‘ona viloyatiga Xitoy va Germaniyadan naslli chorva mollari olib kelindi

Farg‘ona viloyatiga Xitoy va Germaniyadan naslli chorva mollari olib kelindi
Farg‘ona viloyatiga Xitoy va Germaniyadan naslli chorva mollari olib kelindi / Foto: Oziq-ovqat xavfsizligi qoʻmitas.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida chorvachilikni rivojlantirish doirasida xorijiy davlatlardan naslli qoramollarni import qilish ishlari davom ettirilmoqda.

Mazkur chora-tadbirlar naslchilik bazasini mustahkamlash, yuqori mahsuldor chorva mollari sonini ko‘paytirish va aholini sifatli chorvachilik mahsulotlari bilan taʼminlashga qaratilgan. Bu haqda Farg‘ona viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.

2026 yilda viloyatga 51,2 ming boshdan ortiq naslli qoramol va 62 210 bosh naslli qo‘y olib kelish rejalashtirilgan.

Bugungi kunga qadar mazkur rejalar doirasida viloyatga qariyb 15,3 ming bosh qoramol va 10,2 ming boshga yaqin qo‘y olib kelingan.

Jumladan, Quva tumanidagi «Barhayot Abdulla hoji» MCHJ Xitoydan 121 bosh naslli qoramol import qildi. Korxonada chorva mollarining mahalliy sharoitga moslashishi, ularning naslchilik xususiyatlaridan samarali foydalanish va mahsuldorligini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Bundan tashqari, Quvasoy shahridagi «Sophia milk» MCHJ Germaniyadan shved qizil-ola zotli 30 bosh naslli qoramol olib keldi. Podaning to‘ldirilishi xo‘jalikda naslchilik yo‘nalishini yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Farg‘ona viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi mutaxassislari xo‘jaliklarda chorva mollarini saqlash sharoitlarini tekshirdi.

Tekshiruvlar davomida hayvonlarning veterinariya hujjatlari, identifikatsiyasi va umumiy sog‘lig‘i holati, shuningdek, import qilingan chorva mollarini saqlash va parvarishlash sharoitlari o‘rganildi.

Xo‘jalik vakillariga veterinariya-sanitariya talablariga rioya qilish, hayvonlarni to‘g‘ri oziqlantirish va saqlash, shuningdek, ularning sog‘lig‘ini muntazam nazorat qilib borish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Xorijiy tajriba va ilg‘or zotlarni mahalliy sharoitga joriy etish ishlari doirasida import qilingan chorva mollarining sog‘lig‘ini taʼminlash hamda veterinariya-sanitariya nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.