Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda qonunchilikni buzgani uchun ushlangan transport vositalarini yetkazib berish, joylashtirish va saqlash tartibi belgilandi. Tegishli nizom 2026 yil 22 sentyabrdagi 508-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjat ushlangan transport vositalarini vaqtincha saqlash joylariga ko‘chirish, shuningdek, ularni jarima maydonchalarida joylashtirish va saqlash qoidalarini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, vakolatli davlat organi avtomobilni jarima maydonchasiga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilganidan so‘ng tegishli maʼlumot «Jarima maydonchasi» moduli orqali davlat organlari hamda transport vositalarini saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga yuboriladi.
Haydovchilik huquqidan chetlashtirishni nazarda tutuvchi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarning transport vositalari jarima maydonchasiga faqat maxsus texnika — evakuator yoki manipulyator yordamida yetkazilishi mumkin.
Transport vositasini ushlab turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilganidan so‘ng transport vositasini jarima maydonchasidan olib chiqishga ruxsat «Jarima maydonchasi» moduli orqali rasmiylashtiriladi. Bunday ruxsat maʼmuriy ishni ko‘rib chiquvchi organ mansabdor shaxslari tomonidan beriladi.
Ruxsat tegishli modul orqali elektron shaklda rasmiylashtirilishi va QR-kod bilan tasdiqlanishi kerak. Bir ish kuni ichida u tizim orqali transport vositasi haydovchisiga hamda uni saqlash xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxsga yuboriladi. Bundan tashqari, haydovchining telefon raqamiga SMS-xabarnoma ham yuboriladi.
Ushlangan transport vositasini «Jarima maydonchasi» moduli orqali rasmiylashtirilmagan ruxsatnomalar asosida jarima maydonchasidan berish taqiqlanadi.