Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston 2035 yilgacha sanoatni rivojlantirish strategiyasini tayyorlashga McKinsey & Company konsalting kompaniyasini jalb etishni rejalashtirmoqda. Amerika kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv Strategik rivojlanish va islohotlar agentligida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ishtirokchilari bo‘lajak hujjat konsepsiyasi va sanoat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdilar. Iqtisodiyot va moliya vazirligi strategiyani ishlab chiqishda maslahat yordamini ko‘rsatish uchun McKinsey kompaniyasini jalb etishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston sanoatining mintaqaviy va jahon bozorlaridagi raqobatbardoshligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish hamda tashqi bozor konyunkturasidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq xatarlarni hisobga olishga alohida eʼtibor qaratish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, strategiyada ichki bozor imkoniyatlari va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish jarayoni ham inobatga olinishi kerak.
Yana bir yo‘nalish sanoatni nafaqat alohida tarmoqlar, balki hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda rivojlantirishdan iborat. Bunda respublika, viloyat, tuman va mahalla darajalaridagi xususiyatlarga eʼtibor qaratiladi.
Hujjatda tegishli taʼsirni baholash uchun ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini qo‘llash ham nazarda tutilishi rejalashtirilgan.
McKinsey vakillari sanoat ishlab chiqarishini mahalliylashtirish strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tarkibiy islohotlar doirasida davlat organlari tomonidan xorijiy ekspertlar va konsalting kompaniyalarini jalb etish jarayonini muvofiqlashtiradi. Mazkur vakolatlar O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 30 oktyabrdagi PF-201-son farmoni bilan belgilangan.
Uchrashuv yakunida tomonlar bo‘lajak strategiyaning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, hududlarning sanoat ixtisoslashuvi masalalari bo‘yicha muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.