O‘zbekiston

Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya hududlari Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya hududlari Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi
Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya hududlari Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatida 5–6 oktyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari Kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Forum tadbirlari «Fergana Ekspo» xalqaro ko‘rgazmalar majmuasi va IT Park maydonlarida o‘tkaziladi.

Yig‘ilish O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasida, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va tarmoq tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiya va kooperatsiya loyihalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlanadi.

Forum doirasida “O‘zbekiston–Rossiya” va “Rossiya–O‘zbekiston” Ishbilarmonlik kengashlarining 12-qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Dasturdan sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, agrosanoat majmuasidagi hamkorlik hamda madaniy-gumanitar aloqalarga bag‘ishlangan beshta panel sessiyasi ham o‘rin olgan.

Dasturning alohida qismi O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes aloqalar birjasi bo‘ladi. Uchrashuvlarda tomonlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan yangi loyihalar va tashabbuslarni ko‘rib chiqadi.

Farg‘onada, shuningdek, ikki mamlakat hududlarining iqtisodiy, sanoat va investitsiya salohiyati namoyish etiladigan ko‘rgazma tashkil etiladi.

Bundan tashqari, forum doirasida «O‘zbekistonda Sibir kunlari» tadbirlari o‘tkaziladi. Ularning dasturi hududlararo iqtisodiy va madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirishga qaratilgan.

Hududlar Kengashining uchinchi yig‘ilishi sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, energetika va agrosanoat sektorida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

Forum, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va uzoq muddatli aloqalarni mustahkamlash uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.