O‘zbekiston

Surxondaryoda 52 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari kontrabandasiga chek qo‘yildi

Surxondaryoda 52 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari kontrabandasiga chek qo‘yildi
Surxondaryoda 52 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalari kontrabandasiga chek qo‘yildi / Foto: O'zbekiston Bojxona qo'mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Surxondaryo viloyatida bojxona xodimlari Afg‘onistondan 52 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarini olib kirishga urinishning oldini oldi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

1 oktyabr kuni soat taxminan 22:30 da “Ayritom” chegara bojxona postiga Afg‘onistondan bo‘sh yuk avtomobili kirib kelgan. Bojxona nazorati vaqtida xizmat iti transport vositasiga reaksiya bildirgan.

Shundan so‘ng Termiz tumanida yashovchi 34 yoshli haydovchi boshqaruvidagi yuk avtomobili chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazilgan. Bojxona xodimlari tirkamada maxsus yashirin joyga berkitilgan taqiqlangan moddalar solingan 98 ta o‘ramni aniqlagan.

Bojxona qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, yukni katta hajmli inspeksion-rentgen uskunasi yordamida aniqlashni qiyinlashtirish maqsadida o‘ramlar polietilen, folga va skotchning to‘rt qavati bilan o‘ralgan.

Ekspertiza natijasiga ko‘ra, 79 ta o‘ramda gashish, yana 19 tasida esa opiy bo‘lgan. Jami 42 kilogramm 335 gramm gashish va 10 kilogramm 260 gramm opiy musodara qilingan.

Aniqlangan giyohvandlik vositalarining umumiy og‘irligi 52 kilogramm 595 grammni tashkil etgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.