Shoshilinch
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Xitoy investorlar huquqlarini himoya qilishni muhokama qildi

O‘zbekiston va Xitoy investorlar huquqlarini himoya qilishni muhokama qildi
O‘zbekiston va Xitoy investorlar huquqlarini himoya qilishni muhokama qildi / Foto: Adliya vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan huquqiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi va avtonom rayon Adliya departamenti delegatsiyasi vakillari tajriba almashish hamda investorlar huquqlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Toshkent viloyati adliya boshqarmasi xabar berdi.

Uchrashuv davomida tomonlar huquqiy sohadagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi, shuningdek, investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashda advokaturaning roli muhokama qilindi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, ayni paytda Toshkent viloyatida Xitoy kapitali ishtirokidagi qariyb 1 500 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ular savdo, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida ish olib bormoqda.

Investorlarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish va shartnomaviy munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar, shuningdek, sud va arbitraj jarayonlarida investorlar huquqlarini himoya qilishda advokaturaning ahamiyatini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar huquqiy sohada o‘zaro manfaatli hamkorlik va tajriba almashishni davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Shuningdek, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.