Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston, Tojikiston va Belarus turizm sohasi vakillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va qo‘shma turistik mahsulotlar yaratish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv 22 sentyabr kuni Dushanbe shahrida uch mamlakatning sohaga masʼul davlat organlari va turoperatorlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Ishtirokchilar tarkibiga O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi, Tojikiston Hukumati huzuridagi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari, Belarusning «Milliy turizm agentligi» davlat muassasasi hamda turoperatorlar kirdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston tomoni turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, turistik infratuzilmani rivojlantirish, yangi turistik mahsulotlar yaratish va soha tadbirkorlariga davlat ko‘magini ko‘rsatish choralari, jumladan, taqdim etilayotgan subsidiyalar haqida maʼlumot berdi.
Asosiy eʼtibor uch mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. Tomonlar qo‘shma turistik mahsulotlarni ishlab chiqish va ularni uchinchi davlatlar bozorlarida ilgari surish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston turistik yo‘nalishlarini Belarus ishtirokidagi turpaketlarga integratsiya qilish masalasi muhokama qilindi. Potensial qo‘shma takliflar madaniy-maʼrifiy, ekologik, gastronomik, tibbiy va ziyorat turizmini qamrab olishi mumkin.
Ishtirokchilar amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi. Taklif etilgan formatlar orasida o‘zaro axborot turlari va taqdimotlar o‘tkazish, B2B uchrashuvlar tashkil etish hamda xalqaro turistik ko‘rgazmalarda qo‘shma ishtirok etish bor.
O‘zbekiston vakillari Tojikiston va Belarus turistik kompaniyalarini 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — «Ipak yo‘lida turizm» (TMTYA–2026)da ishtirok etishga taklif qildi. Tadbir 25–27 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Yarmarka doirasida investitsiya forumi ham tashkil etiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar xususiy sektor vakillari o‘rtasida muntazam muloqotni davom ettirish, yangi tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish va ularning amaliy ijrosini taʼminlashga tayyor ekanini bildirdi.