Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Uzbekistan va Yaponiyaning 01Booster kompaniyasi 2026 yilda o‘zbek startaplari va IT-kompaniyalarining Yaponiya bozoriga chiqishi uchun dasturni ishga tushirishga kelishib oldi. Bu haqda IT Park Uzbekistan xabar berdi.
Kelishuv ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha direktori Farrux Erkinov va 01Booster ijrochi direktori Takeru Kavashima o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishildi.
2013 yilda Tokioda tashkil etilgan 01Booster kompaniyasi startaplarni akseleratsiya qilish, venchur investitsiyalar, ochiq innovatsiyalar va korporativ innovatsion dasturlarga ixtisoslashgan. Ayni paytda kompaniyalar o‘zbek startaplari va dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilarini Yaponiya bozoriga olib chiqish uchun market-entry dasturini birgalikda ishlab chiqmoqda.
2026 yilda IT Park Uzbekistan va 01Booster Yaponiya bozoriga chiqishdan manfaatdor bo‘lgan o‘zbek startaplari va IT-kompaniyalari uchun qo‘shma Go-to-Market vebinarini ham o‘tkazdi. Keyingi bosqich sifatida dasturni amaliy tarzda ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu joriy yilning IV choragiga mo‘ljallangan.
Dastur o‘zbek startaplarini Yaponiya bozorida ishlashga tayyorlash, mahalliy korporatsiyalar va investorlar bilan aloqalar o‘rnatish, akseleratsiya mexanizmlarini joriy etish va xalqaro miqyosda kengayishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shuningdek, o‘zbek startaplarining mahsulotlarini Yaponiya bozorida ilgari surish, qo‘shma forumlar va Demo Day tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda tomonlar 01Booster venchur fondini O‘zbekistonda tashkil etish imkoniyatini ham alohida muhokama qildi. Bunday tashabbus mahalliy startaplarning yapon investorlari va korporativ hamkorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirishi, shuningdek, ikki mamlakat startap ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashi mumkin.
IT Park Uzbekistan va 01Booster akseleratsiya, investorlar bilan hamkorlik qilish hamda O‘zbekistonda qo‘shma venchur tashabbuslarini rivojlantirish sohalarida hamkorlikni davom ettirish niyatida.