O‘zbekiston

O‘zbekistonda xususiy kompaniyalar gazni o‘chirish bilan tahdid qila olmaydi

O‘zbekistonda xususiy kompaniyalar gazni o‘chirish bilan tahdid qila olmaydi
O‘zbekistonda xususiy kompaniyalar gazni o‘chirish bilan tahdid qila olmaydi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Energetika vazirligi fuqarolarni gaz uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xususiy tashkilotlar xizmatlaridan foydalanishga majburlash mumkin emasligini maʼlum qildi. Xususiy kompaniyalar o‘z xizmatlaridan voz kechgan taqdirda xonadonlarni gaz taʼminotidan uzish bilan ham tahdid qilish huquqiga ega emas.

Vazirlik maʼlum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda qator hududlardan xususiy tashkilotlar vakillarining xonadonlarga tashrif buyurayotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda. Ular gaz plitasi va qozonlariga texnik xizmat ko‘rsatishni taklif qilmoqda. Ayrim hollarda esa isteʼmolchi bunday xizmatlardan foydalanishi shartligi, aks holda uning xonadoni gazdan uzilishi mumkinligi aytilmoqda.

Amaldagi qonunchilik tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga gazdan foydalanuvchi uskunalar va gaz tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Biroq bunday xizmatlar isteʼmolchining o‘zi bergan yozma, og‘zaki yoki elektron buyurtma asosida, belgilangan tariflar va shartlarga muvofiq ko‘rsatiladi.

Mazkur qoidalar Vazirlar Mahkamasining 319-son qarori 12-bandida belgilangan.

Energetika vazirligi xususiy tashkilotlarga isteʼmolchilardan o‘z xizmatlaridan majburiy ravishda foydalanishni talab qilish yoki bunday xizmatlardan voz kechgani uchun xonadoni gaz taʼminotidan mustaqil ravishda uzish vakolati berilmaganini taʼkidladi. Bunday talablar qonunga xilof hisoblanadi.

Isteʼmolchini tabiiy gaz uchun qarzdorligi sababli gaz tarmog‘idan uzish belgilangan tartibda gaz taʼminoti tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.

Gaz uskunalarining texnik holati va xavfsizligini tekshirish yoki ularga texnik xizmat ko‘rsatish zarur bo‘lsa, isteʼmolchilar ixtiyoriy ravishda “Hududgazta‘minot” AJning hududiy gaz taʼminoti tashkilotlariga murojaat qilishlari mumkin.

Xususiy tashkilotlar tomonidan bosim o‘tkazish, xizmatlardan foydalanishga majburlash yoki gazni uzish bilan tahdid qilish holatlari haqida Energetika vazirligiga @anticorenergetikauz_bot Telegram-boti orqali yoki +998 71 231 10 64 ishonch telefoni orqali xabar berish mumkin.

“Hududgazta‘minot” AJda murojaatlar +998 71 202 11 04 va 1104 telefon raqamlari, shuningdek, hgtantikorbot Telegram-boti orqali qabul qilinadi.

Energetika vazirligi shu bilan birga isteʼmolchilarni kuz-qish mavsumida tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanishda ehtiyot choralarini kuchaytirishga chaqirdi. Gaz uskunalari va mo‘rilarning soz holatda bo‘lishiga, shuningdek, belgilangan xavfsizlik talablariga rioya etishga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etildi.

Bu gaz-havo aralashmasining chaqnashi, is gazidan zaharlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun zarur.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.