Iqtisod

O‘zbekistonda chiqindilarni yoqish bo‘yicha 11 ta zavod quriladi

O‘zbekistonda chiqindilarni yoqish bo‘yicha 11 ta zavod quriladi
O‘zbekistonda chiqindilarni yoqish bo‘yicha 11 ta zavod quriladi / Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026–2027 yillarda qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 1,558 mlrd dollar bo‘lgan 11 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Loyihalarda Xitoy, Singapur va Janubiy Koreya kompaniyalari ishtirok etmoqda. Bu 10 sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga o‘tkazilgan taqdimot davomida maʼlum bo‘ldi.

Umumiy qiymati 933 mln dollar bo‘lgan oltita loyiha Xitoy kompaniyalari ishtirokida Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida amalga oshirilmoqda. 1 sentyabr holatiga ko‘ra, loyihalarga allaqachon 286,8 mln dollar investitsiya kiritilgan, mahalliy tovar va xizmatlarni xarid qilish hajmi esa 76,6 mln dollarni tashkil etgan. Qurilish ishlarida qariyb 2 ming nafar mahalliy ishchi ishtirok etmoqda.

Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridagi ikkita korxonani 2026 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan. Qolgan to‘rttasi 2027 yilda foydalanishga topshiriladi. To‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng oltita zavod har yili 3,6 mln tonna qattiq maishiy chiqindini qayta ishlash va 1,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yana beshta investitsiya loyihasi umumiy qiymati 625 mln dollar bo‘lib, ular Singapur, Janubiy Koreya va Xitoy kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan. Ularni Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanovning aytishicha, beshta yangi korxona 2027 yil oxirida foydalanishga topshirilishi kerak. Ular yiliga qo‘shimcha 1,9 mln tonna chiqindini qayta ishlash va 635 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida 500 ta ish o‘rni yaratilishi, har yili 158 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi va issiqxona gazlari chiqindilari 316 ming tonnaga qisqarishi ham ko‘zda tutilgan. Bu haqda Sharifbek Hasanov «O‘zbekiston 24» telekanaliga maʼlum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihalar chiqindixonalarga yo‘naltirilayotgan chiqindilar hajmini qisqartirish va ularga tushayotgan yuklamani kamaytirishga xizmat qilishi kerak. Kelgusida sobiq chiqindixonalar hududida bog‘ va istirohat bog‘larini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Hasanovning taʼkidlashicha, korxonalar ekologik texnologiyalardan foydalangan holda ishlaydi. Chiqindilar yoqilgandan keyin kul hosil bo‘ladi, investorlar esa uni qo‘shimcha qiymat yaratish orqali qayta ishlashni rejalashtirmoqda. Bunday mahsulotlarning bir qismi eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yil oktyabr oyida maishiy chiqindilarni qayta ishlash va ulardan elektr energiyasi hamda mahsulot ishlab chiqarish loyihalari haqida gapirar ekan, bu yo‘nalishni «oddiy zavodlar emas, balki taqdirimizga daxldor masalalardan biri» deb atagan edi. 2025 yil mart oyida u qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida qaror imzoladi.

Bunday loyihalardan biri Samarqandda Xitoyning Shanghai SUS Environment kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. SUS Environment Samarkand zavodi “Navro‘z” mahallasidagi “Xushrav” massivining markaziy chiqindixonasi hududida qurilmoqda. Loyiha uchun chiqindixona hududining 100 gektar maydonidan 15 gektari ajratilgan. Korxona poydevoriga birinchi tosh 2025 yil 18 iyul kuni qo‘yilgan.

Chiqindilarni yoqish korxonalari sanoat va qattiq maishiy chiqindilarni termik qayta ishlash texnologiyasidan foydalanadi. Yoqish jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlik issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qo‘llanadi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.