Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Fransiyaning texnologik kompaniyasi LINAGORA ishlanmalarining bir qismini O‘zbekistonda joylashtirish hamda Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga dasturiy yechimlarni yetkazib berish uchun mamlakatda mintaqaviy markaz tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda O‘zbekiston vakillarining LINAGORA asoschisi va prezidenti Aleksandr Zapolski bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha maʼlum qilindi.
Muzokaralar Parijda Xalqaro kosmik sammit doirasida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt departamenti rahbari Bobur Xo‘jayev hamda IT Park Uzbekistan vakili ishtirok etdi.
Asosiy masalalardan biri O‘zbekistonda LINAGORA dasturiy yechimlarini ishlab chiqish va yetkazib berish bo‘yicha mintaqaviy markazni tashkil etish imkoniyati bo‘ldi. IT Park Uzbekistan tomonidan mamlakatning kadrlar salohiyati, raqobatbardosh xarajatlar tuzilmasi va texnopark rezidentlari bo‘lgan kompaniyalar ekotizimi imkoniyatlari taqdim etildi.
Tomonlar, shuningdek, LINAGORA kompaniyasining O‘zbekistonda faoliyat yuritishi uchun mavjud qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olishning afzalliklarini muhokama qildi. Loyihaning amalga oshirilishi Fransiya texnologik kompaniyasini jalb qilish va yangi yuqori texnologik ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi mumkin.
Raqamli suverenitet va ochiq boshlang‘ich kodli yechimlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, LINAGORA mahsulotlaridan, jumladan, Twake Workplace va LinShare yechimlaridan O‘zbekistonning davlat va xususiy sektorlarida ehtimoliy foydalanish masalasi muhokama qilindi. Ushbu yechimlar tashkilotlarga maʼlumotlar va raqamli infratuzilma ustidan ko‘proq nazoratni saqlab qolish imkonini beradi.
Muzokaralarning yana bir yo‘nalishi sunʼiy intellekt bo‘ldi. IT Park Uzbekistan va LINAGORA vakillari kompaniyaning OpenLLM Europe tashabbusi doirasidagi tajribasi hamda O‘zbekistonda sunʼiy intellekt ekotizimini rivojlantirish uchun ochiq va auditdan o‘tkazish mumkin bo‘lgan AI modellaridan, jumladan, LUCIE modelidan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
LINAGORA 2000 yilda tashkil etilgan bo‘lib, open-source dasturiy taʼminot va raqamli suverenitet texnologiyalarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Kompaniya ochiqlik, axloqiylik, inklyuzivlik va barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslangan «uchinchi raqamli yo‘l» konsepsiyasini rivojlantirmoqda. LINAGORA davlat va xususiy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi hamda Fransiya, Tunis, Vyetnam va Kanadada faoliyat yuritadi.
Kompaniya portfeliga korporativ kommunikatsiyalar va birgalikda ishlash uchun mo‘ljallangan Twake Workplace, fayllarni xavfsiz almashish uchun LinShare hamda 500 dan ortiq open-source paketlarni qo‘llab-quvvatlovchi OSSA texnologik freymvorki kiradi.
LINAGORA, shuningdek, ochiq va tekshirilishi mumkin bo‘lgan sunʼiy intellekt modellarini yaratishga qaratilgan Yevropa OpenLLM Europe tashabbusida ishtirok etadi.
LINAGORA bilan ehtimoliy hamkorlik bir nechta yo‘nalishni qamrab oladi. Ular qatoriga ishlanmalarning bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirish va mintaqaviy markaz tashkil etishdan tortib, open-source yechimlarni joriy etish va sunʼiy intellekt sohasida ochiq texnologiyalarni rivojlantirishgacha bo‘lgan yo‘nalishlar kiradi.