Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi FIDE Excellence Awards 2026 xalqaro mukofotining Best Federation («Eng yaxshi federatsiya») nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Mukofot Federatsiyaning O‘zbekistonda shaxmatni rivojlantirish, sportchilar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, yoshlar o‘rtasida shaxmatni ommalashtirish va mamlakatning xalqaro shaxmat maydonidagi mavqeini mustahkamlash borasidagi faoliyatini eʼtirof etadi.
FIDE Excellence Awards 2026 doirasida shaxmat olamidagi alohida yutuqlari uchun to‘qqiz nafar laureat taqdirlandi. «Eng yaxshi shaxmatchi» va «Eng yaxshi shaxmatchi ayol» nominatsiyalaridagi mukofotlar FIDE 46-Shaxmat Olimpiadasining yopilish marosimida topshiriladi.
O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi uchun ushbu mukofot milliy shaxmat maktabini rivojlantirish va xalqaro musobaqalarda ishtirok etayotgan shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalarini eʼtirof etadi.
FIDE 46-Shaxmat Olimpiadasi 2026 yilda Samarqandda o‘tkazilmoqda.