Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda umumiy o‘rta taʼlim tizimida yangi sifat indeksi joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.
Yangi tizimga muvofiq, maktablar pedagogik jamoalar salohiyati va erishilgan natijalarni hisobga olgan holda toifalarga ajratiladi.
Ilg‘or maktablarga o‘z tajribasini ommalashtirish, boshqa taʼlim muassasalariga ko‘rsatkichlarini yaxshilash va yuqoriroq toifaga o‘tishda ko‘maklashish taklif etiladi.
Agar maktab o‘z tajribasini joriy etish orqali boshqa taʼlim muassasasining toifasini oshirishga erishsa, pedagogik jamoaga to‘liq tarkibda 30 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.
Davlat rahbari, shuningdek, maktablarda mehnatga haq to‘lash tizimini takomillashtirishda sifat ko‘rsatkichlari ham hisobga olinishini taʼkidladi.