Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 7–18 sentyabr kunlari Bryusselda Jahon Bojxona Tashkilotining (JBT) Uyg‘unlashtirilgan tizim bo‘yicha qo‘mitasining 78-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston vakillari milliy bojxona maʼmuriyati tomonidan taklif etilgan uchta masalani taqdim etdi. Bu haqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Xalqaro tadbirda 70 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etdi. Sessiya davomida bojxona sohasiga oid 92 ta masala atroflicha ko‘rib chiqildi. Ular orasida O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan uchta masala ham bor.
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining Belgiyadagi vakili L. Atoyev O‘zbekiston tomonidan kiritilgan masalalarni xalqaro ekspertlarga taqdim etdi va ularni muhokama qilishda faol ishtirok etdi.
O‘zbekistonning sessiyadagi ishtiroki bojxona sohasida mamlakatning milliy manfaatlarini ilgari surish, tovarlarni Uyg‘unlashtirilgan tizimga muvofiq tasniflash amaliyotini yana-da takomillashtirish, shuningdek, JBT va tashkilotga aʼzo mamlakatlarning bojxona maʼmuriyatlari bilan xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
Bojxona qo‘mitasi taʼkidlashicha, O‘zbekiston tomonidan Uyg‘unlashtirilgan tizim bo‘yicha xalqaro muhokamalar doirasida aniq va amaliy takliflarni ilgari surish milliy bojxona maʼmuriyatining xalqaro ekspertlik jarayonlaridagi ishtiroki kengayib borayotganidan dalolat beradi.